Jahon | 12:00 / 11.11.2024
5502
6 daqiqa o‘qiladi

Isroilning yangi mudofaa vaziri: «Hizbulloh» mag‘lub etib bo‘lindi

Isroilning Livandagi maqsadlari ichki siyosatga aralashish emas, balki bosim o‘tkazish, dedi Israel Kats.

Israel Kats / Foto: EPA

«Hizbulloh» harakati yetakchisi Hasan Nasrullohning Isroil Mudofaa armiyasi (TSAHAL) tomonidan sentabr oyi oxirida yo‘q qilinishi Isroilning Livan jangarilariga qarshi kurashida «yutuq toji»ga aylandi va harakatning o‘zini mag‘lub bo‘lgan deb hisoblash mumkin. Bu haqda 10 noyabr, yakshanba kuni Isroilning yangi mudofaa vaziri Israel Kats avvalroq o‘zi rahbarlik qilgan mamlakat Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan tadbirda so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

«Bizning vazifamiz bu g‘alabaning mevasini olish uchun bosimni davom ettirishdir», — deya vazirning so‘zlarini keltiradi Reuters. Katsga ko‘ra, Isroil Livanning ichki siyosatiga aralashishdan manfaatdor emas, chunki u «saboq oldi». Vazir o‘z bayonotining ma’nosini izohlamadi, biroq bu 2006 yil voqealariga ishora bo‘lishi mumkin – o‘shanda Livan janubida «Hizbulloh»ga qarshi TSAHAL harbiy amaliyoti mintaqada uzoq davom etgan harbiy harakatlarga olib kelgan. Isroilda bu voqealar Ikkinchi Livan urushi deb ataladi.

Kats o‘z nutqida, boshqa narsalar qatorida, xalqaro koalitsiya «Hizbulloh»ning sezilarli darajada zaiflashuvi bilan bog‘liq vaziyatdan siyosiy maqsadlarda foydalanishiga va Livan janubiy qo‘shnisi bilan munosabatlarni normallashtirishda boshqa mamlakatlarga qo‘shilishiga umid bildirdi.

Bayrut Isroilni tinch aholi o‘limida aybladi

Biroq Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining 10 noyabr kuni ma’lum qilishicha, birgina shu kunning o‘zida Isroilning mamlakatning turli hududlarida davom etayotgan havo hujumlari natijasida kamida 38 nafar tinch aholi halok bo‘lgan.

Gap faqat Livan janubi haqida ketmayapti – kamida 23 kishi, jumladan yetti nafar voyaga yetmagan shaxs Bayrut shimolida Alamat qishlog‘idagi turar joy binosiga TSAHAL aviatsiyasining zarbasi qurboni bo‘ldi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining ta’kidlashicha, bular mamlakat janubidagi janglardan qochgan oilalar edi.

Isroil harbiylari havo hujumini tasdiqladi. Biroq TSAHAL hujum nishoni shahardagi «Hizbulloh»ning qurol-yarog‘ omborlari bo‘lganini, tinch aholi orasida qurbonlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarbadan oldin havodan razvedka olib borilganini ma’lum qildi.

TSAHAL «Hizbulloh» yetakchisi va uning vorislaridan kamida bir nafarini o‘ldirdi

TSAHALning «Hizbulloh»ga qarshi faol jangovar operatsiyalari sentabr oyining oxiridan beri kuzatilmoqda. Ulardan oldin sentabr oyi o‘rtalarida jangchilarning peyjyerlarini ommaviy ravishda portlatish operatsiyasi o‘tkazilgan edi. Ommaviy axborot vositalari operatsiya uyushtirilganini Isroil razvedka xizmatlari bilan bog‘ladi, ammo Isroil buni tasdiqlamadi.

Oradan ko‘p o‘tmay Isroil armiyasi jangchilarning Livandagi yerosti qarorgohiga havo hujumi natijasida «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh hamda harakatning bir qancha yetakchilarini o‘ldirdi. 1 oktyabrga o‘tar kechasi esa TSAHAL mamlakat janubida «Hizbulloh»ga qarshi quruqlikdagi operatsiyani boshladi.

Shu bilan birga, oktyabr oyi boshida Isroil havo hujumlaridan birida jangchilar yetakchisining vorisi, keyin esa «vorisning vorisi» hisoblangan, Nasrullohning amakivachchasi Hoshem Safi al-Din o‘ldirildi. Oktyabr oyi oxirida harakat o‘zining navbatdagi rahbari — Nasrullohning sobiq o‘rinbosari va harakat asoschilaridan biri Naim Qosimni tayinladi.

Nasrulloh vafotidan keyin Qosim uch marta telemurojaat bilan chiqish qildi. 15 oktyabr kuni Qosim Isroil shimolidagi aholining o‘z uylariga qaytishining yagona yo‘li «o‘t ochishni to‘xtatish» ekanligini aytdi va butun Isroil hududiga zarbalar berish bilan tahdid qildi. Biroq, u lavozimga tayinlanganidan keyin bunday bayonotlar bermadi.

Yaqin Sharqda mojaroning kuchayishi

Yaqin Sharqdagi vaziyat 2023 yil 7 oktyabrda keskin yomonlashdi. Hamas harakati Isroilga qarshi keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Jangchilar Isroilga yirik raketa hujumini amalga oshirdi, uning hududiga bostirib kirdi va 1200 ga yaqin kishini o‘ldirdi. Shuningdek, jangchilar 250 ga yaqin kishini garovga olib, G‘azo sektoriga olib ketishgan. Keyinchalik garovga olinganlarning bir qismi almashtirildi yoki ozod qilindi, ba’zilari esa vafot etdi.

Isroil bunga javoban Hamasga qarshi urush e’lon qildi. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, quruqlikdagi operatsiya va sektorni bombardimon qilish natijasida 43 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Falastinlik jangchilarni Livanning «Hizbulloh» harakati qo‘llab-quvvatladi. U muntazam ravishda Livandan Isroilga qarata o‘t ochyapti. TSAHAL Livan janubida «Hizbulloh»ga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazmoqda.

Mavzuga oid