Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shols ishonch to‘g‘risidagi masala yil oxirigacha ko‘tarilishini istisno etmadi
Germaniya kansleri muxolifatning mamlakatda muddatidan oldin saylovlar tashkil etishni erta boshlash haqidagi talablarini inobatga olishi mumkin.
Germaniya kansleri Olaf Shols katoliklar Rojdestvosi arafasida Bundestagda o‘z hukumatiga ishonch masalasi ko‘tarilishini istisno etmadi, garchi u dastlab bu tartibni faqat 2025 yil yanvar oyi o‘rtalarida amalga oshirishni rejalashtirgan edi. Bu haqda 10 noyabr, yakshanba kuni Germaniyaning ARD telekanali boshlovchisi Karen Miozga bilan suhbatda Sholsning o‘zi ma’lum qildi.
«Rojdestvo oldidan ishonch masalasini ko‘tarish bo‘yicha menda hech qanday muammo yo‘q, agar hamma buni xohlasa», — dedi kansler. Sholsning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy ravishda u kansler sifatida bu qadamni o‘zi boshlashi kerak, jarayon allaqachon 15 yanvar kuniga e’lon qilingan. Biroq, agar Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) parlament fraksiyasi rahbari Rolf Myutsenix va XDI/XSI muxolifat bloki rahbari Fridrix Mers kanslerga ishonch masalasini ko‘tarish sanasi bo‘yicha kelishuvga erishsa, Shols «buni hisobga oladi».
«To‘g‘ridan to‘g‘ri e’lon qilamanki, agar parlament, hukumat va muxolifat a’zolari, ayniqsa, demokratik partiyalar kelishuvga erishsa, men shundan kelib chiqaman», dedi Germaniya kansleri.
Shols qo‘shimcha qilishicha, u «o‘z lavozimiga yopishmaydi», lekin ehtimoliy erta saylovlarga tayyorgarlik ko‘rishda barcha rasmiyatchiliklarga rioya qilish kerak. Misol tariqasida kansler 2021 yilgi parlament saylovlari vaqtida shahardagi saylov uchastkalarida tashkiliy tartibsizliklar tufayli 2024 yil fevralida Berlinda bo‘lib o‘tgan Bundestagga qisman qayta saylovlarni keltirdi.
Shols ishonch masalasi ko‘tarilishidan oldin qator qonunlarni ilgari surishga urinadi
Rojdestvoga qolgan haftalarda Germaniya kansleri Bundestagda bir nechta — shoshilinch, uning ta’biri bilan aytganda — hukumat loyihalarini ma’qullatmoqchi. Xususan, gap Yevropa va Germaniyaga qochqinlar oqimini cheklashga qaratilgan o‘tgan yili Yevropa Ittifoqida qabul qilingan qarorlarning Germaniya qonunchiligiga tatbiq etilishi haqida bormoqda.
Ushbu qonunning erta saylovlar oldidan qabul qilinishi Shols va uning tarafdorlari foydasiga ishlashi kerak, chunki so‘nggi yillarda migratsiya muammosi Germaniyaning hozirgi hukumati tanqid qilinishiga eng asosiy sabablardan biriga aylandi. Biroq bu qonunning endi qabul qilinishi muxolifatga bog‘liq — Germaniyada hukmron koalitsiya parchalanganidan keyin Shols hukumati uning ovozlariga muhtoj.
Fridrix Mers ham migratsiya qonunchiligini kuchaytirish tarafdori bo‘lganini bir necha bor aytgan. Shu sababli, muxolifat hukmron partiyalarga «saylov sovg‘alari» qilishni istamasa ham, xristian demokratlar Shols tashabbusini qo‘llab-quvvatlashlari yoki nima uchun o‘zlari ta’kidlagan choralarga qarshi ovoz berishlarini tushuntirishlari kerak bo‘lgan holatda qoladilar.
Shu bilan birga, aynan Mers Shols belgilagan sanadan oldin hukumatga ishonch masalasini ko‘tarishni talab qilmoqda. Muxolifat yetakchisi, agar Shols o‘z lavozimida qolmasa, kansler bo‘lishga asosiy da’vogarlardan biri hisoblanadi.
Germaniyada hukmron koalitsiyaning qulashi
6 noyabr oqshomida Olaf Shols moliya vaziri va Erkin demokratik partiya (EDP) raisi Kristian Lindnerni hukmron partiyalar raislari va ularning parlamentdagi fraksiyalari rahbarlarini o‘z ichiga olgan koalitsiya qo‘mitasidagi mojarolar avj olganidan so‘ng ishdan bo‘shatdi.
Qo‘mita yig‘ilishida Lindner o‘zining koalitsiyadagi hamkorlari — GSDP va «Ittifoq-90»/«yashillar» partiyasini mamlakatda muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazishga rozi bo‘lishga taklif qildi. Bu holatda, OAV yozganidek, u Germaniya uchun qo‘shimcha budjetni qabul qilishga tayyor bo‘lardi va parlament saylovlari o‘tkazilgunga qadar o‘tish davridagi vazirlar mahkamasi tarkibida qoladi.
Lindnerning ishdan bo‘shatilishini sharhlar ekan, Shols sobiq vazir uning ishonchini so‘ndirib, umumiy manfaatga emas, balki «mijozlari va partiyasiga» xizmat qilganini aytdi. Biroq, Germaniyada muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi munozaralar bir necha oydan beri davom etmoqda va buning uchun muhim shartlar sentabr oyining oxiridan beri yuzaga kelgan. O‘shanda «Ittifoq-90»/«yashillar»ning butun rahbariyati partiyaning Germaniya sharqidagi uchta federal yerlarda landtaglarga, undan oldin — Yevropa parlamentiga saylovlardagi katta muvaffaqiyatsizliklaridan so‘ng iste’foga chiqdi.
Lindnerning ishdan bo‘shatilishi EDPning hukmron «svetofor» koalitsiyasini tark etishiga olib keldi va shu bilan uni Bundestagda ozchilikda qoldirdi. Shu fonda Shols 15 yanvar kuni Germaniyaning amaldagi hukumatiga Bundestagda ishonch votumi o‘tkazish tashabbusi bilan chiqish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Qo‘llab-quvvatlash bo‘lmasa — ekspertlarning fikriga ko‘ra, kansler aynan shunga umid qilmoqda — mamlakatda 2025 yil mart oyida bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan muddatidan oldin saylovlar tashkil qilinishi kerak.
Mavzuga oid
14:47 / 22.11.2025
Olaf Shols «Shimoliy oqim–2» bo‘yicha ko‘rsatma berdi
08:42 / 26.03.2025
Shols hukumati rasman iste’foga chiqdi
10:21 / 19.03.2025
Shols va Makron Ukrainaga keyingi harbiy yordamni va’da qilmoqda
09:10 / 13.03.2025