Jahon | 10:41 / 12.11.2024
2304
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR Rossiya bilan hamkorlik shartnomasini ratifikatsiya qildi

Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi kelishuv tomonlardan biriga biron-bir davlat tomonidan qurolli hujum uyushtirilgan taqdirda bir davlatdan ikkinchisiga harbiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

Foto: AP

Shimoliy Koreya Rossiya bilan keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasini ratifikatsiya qildi. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In tegishli hujjatni 11 noyabr, dushanba kuni imzoladi, deb xabar bermoqda Koreya markaziy axborot agentligi.

Bitim ratifikatsiya yorliqlari almashilgan kundan boshlab kuchga kiradi. Rossiya uni ikki kun oldin ratifikatsiya qilgan.

Putinning Pxenyanga tashrifi davomida imzolangan

19 iyun kuni KXDR poytaxtida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tashrifi doirasida Moskva va Pxenyan o‘rtasida keng qamrovli strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tuzildi. Boshqa narsalar qatorida, bitim tomonlardan biri biron-bir davlat tomonidan qurolli hujumga uchrasa va shu tariqa urush holatiga tushib qolsa, bir mamlakatdan boshqasiga «barcha vositalar bilan» harbiy va boshqa yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

KXDR harbiylari Rossiyaga jo‘natildi

So‘nggi haftalarda Janubiy Koreya, AQSh va Ukraina razvedkasi Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiyaga o‘tkazilgani haqida bir necha bor xabar bergan. Pxenyanning bu xatti-harakati BMTda xavotir hamda NATO va Yevropa Ittifoqining tanqidiga sabab bo‘ldi.

Seul, Vashington va Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR kuchlarining bir qismi qarshi hujumda ishtirok etish uchun Ukraina bilan chegaradosh Kursk oblastiga joylashtirilgan. Ayni paytda Shimoliy Koreya harbiylari bu mintaqada allaqachon yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Mavzuga oid