O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 65 kg “gashish” musodara qilindi
DXX xabariga ko‘ra, Tojikiston va Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan qariyb 65 kg “gashish” giyohvandlik vositasi musodara etildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Chegara qo‘shinlari hamda bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Denov tumanida yashovchi fuqaro o‘zining “Kobalt” rusumli avtomashinasida Uzun tumani hududida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida 50 kg 567 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u giyohvandlik vositasini tojikistonlik narkosavdogarlardan olganligi ma’lum bo‘ldi.
Farg‘ona viloyatida qayd etilgan holatda, Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqaro muqaddam tojikistonlik narkokurerlar tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 4 kg 929 gr “gashish” moddasini qabul qilib olib, yo‘lovchi avtomashinada doimiy yashash manziliga qaytib kelayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Farg‘ona shahrida qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, u giyohvandlik vositasini qayta sotib, mo‘may daromad topishni maqsad qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda “Samarqand – Andijon” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Spark” rusumli avtomashina Bo‘ston tumanidagi YPX maskanida to‘xtatilib, tekshirildi.
Natijada, unda ketayotgan Qo‘rg‘ontepa tumanida istiqomat qiluvchi 3 nafar shaxs hamda Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Qorasuv shahrida yashovchi ushbu davlat fuqarosidan 4 kg 727 gr “gashish” moddasi olindi.
Aniqlanishicha, ular mazkur giyohvandlik vositasini tojikistonlik shaxsdan Urgut tumaniga keltirib berish sharti bilan sotib olishgan va uni qoldirib ketilgan xufiya joydan olib, ortga qaytayotgan bo‘lishgan.
Boshqa holatda esa Paxtaobod tumanida yashovchi 4 nafar fuqaro Qirg‘izistondagi narkosavdogarlar yetkazib bergan 4 kg 634 gr “gashish” moddasini Andijon tumanida 53 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Ulardan 3 nafari muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
16:56 / 22.11.2024
Turkiyaga me’yordan ortiq tamaki mahsulotlarini olib kirgan o‘zbekistonliklar qamoqqa olinmoqda
12:21 / 11.10.2024
DXX Afg‘oniston, Tojikiston va Qirg‘izistondan keltirilgan narkotik moddalarni musodara qildi
18:18 / 08.10.2024
Turkiyada tanasiga oltin yashirib o‘tmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik ayollar ushlandi
22:04 / 16.09.2024