Jahon | 12:26
9824
3 daqiqa o‘qiladi

Rog‘un GESdagi avariya oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi

Tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, ishchilar ustiga «platforma» tushib ketgan. Hozirda maxsus ishchi guruh tuzilgan, tergov harakatlari boshlangan.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

12 noyabr kuni Tojikistondagi Rog‘un gidroelektrstansiyaning qurilish maydonchasida favqulodda hodisa ro‘y berishi oqibatida uch kishi halok bo‘lib, yana bir kishi tan jarohati olgan. Bu haqda «Aziya-Plyus» Tojikiston hukumati huzuridagi Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat xizmatiga tayanib xabar bermoqda.

Idora ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlarning barchasi Rog‘un elektr stansiyasi obekti hududida ishlagan «Xokrud» kompaniyasining 39, 40 va 51 yoshlardagi xodimlari bo‘lgan. Ayni vaqtda hodisa sabablari ma’lum qilinmadi.

Ro‘y bergan hodisadan keyin darhol tergov harakatlari olib borish uchun maxsus ishchi guruh tuzilgan. Ayni vaqtda avariya bilan bog‘liq barcha holatlar o‘rganilmoqda. Xavfsizlik xizmatlari va huquq-tartibot idoralari fojianing barcha holatlariga oydinlik kiritish ishlarini davom ettiradi.

«Tafsilotlar tergov yakunlariga ko‘ra ma’lum qilinadi», deyilgan xabarda.

Tarmoqlarda tarqalgan, rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, ishchilar ustiga platforma tushib ketgan. 

2020 yilda Rog‘un GES qurilish maydonchasida 15 avariya qayd etilgan, bu holatlar natijasida jami 3 ishchi halok bo‘lib, 15 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan.

Umuman, olganda 2020 yilda Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat xizmati nazorati ostidagi korxona va obektlarda jami 31 avariya ro‘y berib, jami 8 kishi halok bo‘lgan va 33 kishi jarohatlangan.

2019 yilda esa 33 ta baxtsiz hodisa ro‘yxatga olinib, 20 kishi halok bo‘lgan, yana 25 kishi yaralangan.

Rog‘un GES – nafaqat respublikadagi, balki butun mintaqadagi eng yirik loyiha hisoblanadi. U Tojikiston poytaxti Dushanbedan 110 km uzoqlikda, Vaxsh daryosida joylashgan, uni qurish 1976 yilda boshlangan, ammo SSSR parchalanganidan so‘ng qurilish to‘xtatib qo‘yilgandi.

Keyinchalik Tojikiston o‘z mablag‘lari hisobidan va xalqaro jamg‘armalar hamda tashkilotlarning mablag‘larini jalb qilgan holda, loyihada ko‘zda tutilgan 600 MVt quvvatga ega GESlarni qurish bo‘yicha ishlarni davom ettirdi.

6 ta agregatdan hozircha ikkitasi ishga tushirildi. Uchinchisi 2025 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. 335 metr balandlikdagi gidroelektr to‘g‘oni dunyodagi eng baland to‘g‘on bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid