Jamiyat | 11:38
3970
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 3 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qildi

Haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Foto: Videodan kadr

Samarqand viloyati Urgut tumanida yo‘l-transport hodisasi sodir etib uch kishining o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa 2024 yil 29 iyul kuni soat 12:30 larda Samarqand viloyati, Urgut tumanidan o‘tuvchi «Urgut — G‘o‘s - Avazmergan» avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan.

2003 yilda tug‘ilgan haydovchi «Cobalt» avtomobilida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishdagi «Damas» bilan to‘qnashgan.

Oqibatda «Damas» haydovchisi va yo‘lovchisi hodisa joyida, yana bir yo‘lovchi esa shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, yana ikki nafar yo‘lovchi va «Cobalt» haydovchisi tan jarohatlari olib, shifoxonaga murojaat qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudida qoidalarni buzib odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan 21 yoshli haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzib odamlar o‘limiga sababchi bo‘lish) bilan aybdor deb topilgan.

“Millar” informatsion dasturida berilgan lavhada aytilishicha, sud haydovchiga 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etib, 4 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlik uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Mavzuga oid