Jahon | 18:44
15072
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga birinchi zarbani berdi

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Bryansk viloyatidagi harbiy obektga zarba berilgan, yong‘in chiqqan, ammo qurbonlar va vayronagarchiliklar yo‘q.

Foto: Videodan kadr

Ukraina Qurolli kuchlari tunda Rossiyaning Bryansk viloyatidagi obektga oltita uzoq masofaga uchuvchi ATACMS raketasi bilan hujum qildi, deb xabar berdi Rossiya Mudofaa vazirligi. Departamentning qayd etishicha, ulardan beshtasi urib tushirilgan, bittasi shikastlangan. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Bryansk viloyatidagi harbiy obekt hududiga shikastlangan raketa bo‘laklari tushgan, yong‘in chiqqan, ammo qurbonlar va vayronagarchiliklar yo‘q.

Bu AQSh Ukrainaga o‘z qurollari bilan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat bergani haqidagi xabarlardan keyin Kiyev tomonidan uzoq masofali raketalar bilan qilingan birinchi hujumdir.

Avvalroq, «RBK Ukraina» agentligi Bryansk viloyatining Karachev shahri yaqinidagi harbiy obektga hujum uyushtirilgani haqida xabar bergan edi. Keyinroq Ukrainaning «24-kanali» Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi bu ma’lumotni tasdiqlamaganini xabar qildi.

17 noyabr kuni bir qancha manbalar AQSh urush boshlanganidan beri birinchi marta Ukrainaga Rossiya hududiga uzoq masofali raketa zarbalarini yo‘llashga ruxsat bergani haqida ma’lum qildi. Xususan, NYT va Reuters gap ATACMS raketalari haqida ketayotganini ta’kidladi, ularning zarba masofasi 300 km gacha.

19 noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin yadroviy tiyib turish doktrinasning yangi asosini tasdiqladi. Hujjatda, xususan, yadro davlati ko‘magida yadro quroliga ega bo‘lmagan davlat tomonidan mamlakat va uning ittifoqchilariga qarshi tajovuz qilish ularning birgalikdagi hujumi sifatida baholanishi ta’kidlangan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov yangi doktrinaga ko‘ra, Ukrainaning Rossiyaga qarshi G‘arbning yadroviy bo‘lmagan raketalarini qo‘llashi ham yadroviy javobga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.

Mavzuga oid