O‘zbekiston | 10:12
2236
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni aytildi

2023−2024 o‘quv yilida AQSh oliygohlarida o‘zbekistonlik talabalar soni qariyb 12 foizga oshib, 1219 nafarga yetdi. 

Foto: AP

2023−2024 o‘quv yilida Amerika Qo‘shma Shtatlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 1219 nafarni tashkil etdi. AQSh Davlat departamenti ko‘magida Xalqaro ta’lim instituti (Institute of International Education, IIE) tomonidan o‘tkazilayotgan «Ochiq eshiklar» hisobotiga ko‘ra, bu o‘tgan yilga nisbatan 11,9 foizga ko‘pdir.

Ularning yarmidan ko‘pi, ya’ni 703 nafar talaba (o‘tgan yilga nisbatan +12,8 foiz) bakalavriatda, 350 nafari (+7,4 foiz) magistraturada tahsil olgan. 134 nafar talaba (+55,8 foiz) fakultativ amaliy mashg‘ulotlarni tamomlagan, 32 nafari (-40,7 foiz) nodavlat ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilingan.

Hisobotga ko‘ra, 2023−2024 o‘quv yilida AQSh universitetlarida jami 1,1 milliondan ortiq xalqaro talaba tahsil olgan, bu o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 17 foizga ko‘pdir.

Eng ko‘p xorijiy talabalar Hindistondan kelgan — 331,6 ming nafar (29,4 foiz). Ulardan keyin Xitoy (277,3 ming, 24,6 foiz) va Janubiy Koreya (43,1 ming, 3,8 foiz) talabalari bormoqda. Kuchli beshlikka Kanada (28,9 ming) va Tayvan (23,1 ming) ham kirgan.

Talabalarning aksariyati STEM yo‘nalishlarida (fan, texnologiya, muhandislik, matematika) ta’lim olgan — 56 foizni tashkil etadi, deyiladi hisobotda. Chet elliklar uchun matematika va kompyuter fanlari yetakchi ta’lim yo‘nalishlari bo‘lib qoldi — ularni 280,9 ming (25 foiz) talaba tanladi. 210,1 mingdan ortiq (19, foiz) talaba muhandislik fanlari bo‘yicha tahsil oldi.

Chet ellik talabalarni moliyalashtirishning asosiy manbalari shaxsiy/oilaviy budjet (54,5 foiz), ish beruvchi (21,8 foiz) va Amerika universitetlari stipendiyalari (19 foiz) edi.

Mavzuga oid