Bokudagi COP29: iqlim o‘zgarishiga moslashish xarajatlarini kim to‘laydi?
Bu yil Bokuda o‘tkazilayotgan COP29 iqlim konferensiyasida katta mablag‘lar masalasi ko‘tarilyapti. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashda rivojlanayotgan mamlakatlar qanday yordam olayotgani ham muhokama qilinmoqda.
“Qazib olinadigan energiya resurslariga boy mamlakat sifatida, biz boshqa davlatlarning ham bunday resurslarni qazib olish va ushbu sohaga investitsiya kiritish huquqini himoya qilamiz”, — degan edi Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev aprel oyida Berlinda o‘tkazilgan iqlim masalalari bo‘yicha Petersberg muloqotida. Shu tariqa Aliyev iqlim muhofazasi bo‘yicha muzokaralarda Ozarboyjon qaysi yo‘nalishdan borishini bildirib o‘tgan.
11 noyabrdan beri Bokuda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi masalalariga bag‘ishlangan 29-konferensiyasi (COP29) o‘tkazilmoqda.
Qazilma yoqilg‘idan foydalanish iqlimga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga qaramay, Ozarboyjon rahbariyati uni qazib olishdan voz kechishga unchalik shoshilmayapti. Bokuning pozitsiyasini tushunsa bo‘ladi, chunki Ozarboyjon qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega bo‘lsa-da, neft va gaz savdosidan keladigan foyda davlat daromadlarining 60 foizini ta’minlaydi, deb yozdi Deutsche Welle nashri.
Iqlimni himoya qilish uchun pul qayerdan olinadi?
Bu yilgi xalqaro iqlim anjumanida atmosferaga karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirishdan tashqari ishtirokchilar oldida yana bir murakkab vazifa turibdi: davlat va hukumat rahbarlari rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim o‘zgarishining tobora kuchayib borayotgan oqibatlariga qarshi kurashish va barqaror iqtisodiyot yaratishga o‘tish uchun qanday moliyaviy yordam ko‘rsatishni hal qilishi kerak.
Bir necha yil oldin AQSh, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi davlatlari kabi rivojlangan mamlakatlar 2020 yildan boshlab iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam berish uchun har yili 100 milliard dollar ajratish majburiyatini o‘z zimmasiga olgandi. Biroq bu maqsadga 2022 yilga kelibgina erishildi. Mablag‘larning sezilarli qismi yuqori foizli qarzlar ko‘rinishida taklif etilgani keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Yuqoridagi davlatlar va’dasini bajarilmaganlikda ayblandi.
Germaniyaning “Yangi iqlim instituti” nodavlat tashkiloti vakili Niklas Xyone yiliga 200 milliard dollardan 700 milliard dollargacha bo‘lgan mablag‘ haqida kelishib olish mumkinligini ta’kidlamoqda.
“Shunda iqlim o‘zgarishi uchun haqiqatan ham mas’ul bo‘lgan boy mamlakatlar va birinchi navbatda bu o‘zgarishlardan aziyat chekayotgan kambag‘alroq mamlakatlar o‘rtasida adolatli moliyaviy muvozanat o‘rnatiladi”, — dedi u DW bilan suhbatda.
Rivojlanayotgan mamlakatlar ularga ajratiladigan mablag‘ miqdorini 10 baravarga oshirish taklifini bir necha bor ilgari surgan. Sanoati rivojlangan davlatlar buni imkonsiz deb hisoblaydi. Shu bilan birga, ular moliyaviy yukni neftga boy Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Xitoy bilan ham bo‘lishishni istamoqda.
Bahsli savol: hisobni kim to‘laydi?
Tarixan sanoati boy mamlakatlar iqlim inqirozining kuchayishida katta javobgarlikni zimmasiga olgan bo‘lsa-da, bugungi kunda issiqxona gazlari chiqindilarining eng ko‘p qismi Xitoyga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq rasmiy hujjatlarda bu mamlakat hamon rivojlanayotgan davlat sifatida qayd etiladi va nazariy jihatdan kambag‘al davlatlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga o‘zi sarmoya talab qiladi.
2023-yilgi iqlim bo‘yicha konferensiya ham neft qazib olinadigan mamlakatda o‘tkazildi. Unga Birlashgan Arab Amirliklari mezbonlik qildi. BAA ham hozirga qadar rasman rivojlanayotgan mamlakatlar qatorida.
U kambag‘al mamlakatlarga yashil energiyaga o‘tish va iqlim ofatlaridan so‘ng tiklanish uchun moliyaviy ko‘mak va’da qilgan. Buni ko‘rgan kuzatuvchilar badavlat, ammo rasman rivojlanayotgan mamlakatlar endi ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishiga umid qilishni boshladi.
BMTning Dubay konferensiyasiga a’zo mamlakatlar 2050 yilga borib CO2 emissiyasining nol darajasiga erishish uchun barcha turdagi qazib olinadigan yoqilg‘idan voz kechish bo‘yicha tarixiy kelishuvga erishgandi. Iqlim sammitiga oid avvalgi hujjatlarning hech birida neft va gazdan voz kechish haqida gapirilmagan.
Ammo balandparvoz bayonotlarga qaramay, sayyora isishda davom etmoqda. 2015 yilgi Parij iqlim kelishuvida 197 mamlakat global isishni sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan Tselsiy bo‘yicha 1,5 darajaga cheklashni maqsad qilgandi. Lekin unga erishish haligacha imkonsiz qolmoqda. Hozirgi iqlim siyosati sharoitida asr oxiriga kelib global isish 3,2 darajani tashkil etishini prognoz qilyapti.
Iqlim muhofazasi — so‘z va amaliyot o‘rtasida
“Isishni Tselsiy bo‘yicha 1,5 darajaga cheklash maqsadiga erishiladi, degan da’volar bilan haqiqat o‘rtasida katta farq bor, chunki asosiy vazifalardan biri hali ham hal etilmagan”, — dedi xalqaro iqlim siyosati masalalariga ixtisoslashgan E3G tahlil markazining yetakchi eksperti Alden Meyyer.
BAA ham, Ozarboyjon ham, kelasi yili BMT iqlim konferensiyasiga mezbonlik qiladigan Braziliya ham yoqilg‘i qazib olishni kengaytirmoqchi, deb ta’kidladi Meyyer. Xuddi shunday tendensiya AQSh, Kanada, Norvegiya, Avstraliya va Buyuk Britaniyada ham kuzatilmoqda.
Parij iqlim kelishuvi a’zolari kelasi yili yangi iqlim maqsadlarini taqdim etishi kerak, biroq Niklas Xyoning ta’kidlashicha, ularning aksariyatida hali loyihaning o‘zi ham yo‘q. Donor mamlakatlar, ayniqsa Yevropa Ittifoqi, o‘zlari ajratgan mablag‘ iqlimni muhofaza qilish choralariga yo‘naltirilishini kutmoqda.
AQShdagi saylovlar, urush va pandemiya oqibatlari
Bu yil iqlimni himoya qilish bo‘yicha investitsiya muammolari yanada kuchaydi, chunki ko‘plab mamlakatlar budjetlari pandemiya, iqtisodiy beqarorlik va butun dunyoda harbiy xarajatlarni sezilarli darajada oshirgan Ukrainadagi urush tufayli yuzaga kelgan yo‘qotishlardan hali to‘liq tiklangani yo‘q.
AQShdagi saylovlarda Donald Trampning g‘alabasi iqlim loyihalarini moliyalashtirishda noaniqlikni keltirib chiqarmoqda. Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddatida iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqishini e’lon qilgandi. Hozirda u AQShda ko‘mir, neft va gaz qazib olish o‘zi uchun ustuvor yo‘nalish bo‘lishini ta’kidlamoqda.
“Uning yoqilg‘i qazib olishni ko‘paytirishga intilishi, xalqaro kelishuvlarga e’tiborsizligi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni moliyalashtirishni rad etishi inqirozni yanada chuqurlashtiradi”, — deb ta’kidladi taniqli ekologik faol Xarjit Singh. Uning fikricha Tramp siyosati iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tizimlarga bo‘lgan ishonchni zaiflashtirishi mumkin.
Mavzuga oid
07:50
BMT RFning Dniproga ballistik raketa zarbasidan xavotirda
13:24 / 21.11.2024
COP29 ishtirokchilari iqlimga mos turizmni rivojlantirishga kelishib oldi
00:36 / 19.11.2024
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
22:55 / 16.11.2024