Fan-texnika | 18:04 / 23.11.2024
551
2 daqiqa o‘qiladi

Apple Siri ovozli yordamchisini ChatGPTning raqobatchisiga aylantirmoqchi

Apple sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda Siri’ning yangi versiyasini yaratmoqda. Uning asosini ulkan til modeli tashkil etib, ancha tabiiy dialog olib borishga qodir bo‘ladi.

Foto: Victor J. Blue/Bloomberg

Apple sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda Siri’ning yangi versiyasini yaratmoqda. Ishchi nomi LLM Siri bo‘lgan loyiha kelajakda OpenAI kompaniyasining ChatGPT sun’iy intellekt chatbotiga raqobat qilishi mumkin, deb xabar beradi Bloomberg.

Qayd etilishicha, yangilangan ovozli yordamchining taqdimoti 2025 yilga rejalashtirilgan, foydalanuvchilarga esa u 2026 yil bahorda taqdim etiladi.

Siri’ning asosini ulkan til modeli (LLM) tashkil etib, u ancha tabiiy dialog olib borishga va murakkab masalalarni yechishga qodir. Ushbu model aniqroq javob qaytarish uchun ulkan katta miqdordagi ma’lumotlarni tahlil qiladi. Istiqbolda yangi Siri hozirda Apple qurilmalariga o‘rnatilgan ovozli yordamchi interfeysi o‘rnini butunlay egallashi mumkin.

Apple, shuningdek, iPhone, iPad va Mac uchun alohida ilova ko‘rinishida dasturiy ta’minotni test qilmoqda. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, LLM Siri funksiyasi iOS va MacOS’ning kelajakdagi versiyalariga muntazam qo‘shib boriladi. Ammo 2024 yil yozida taqdim etilgan Apple Intelligence platformasidagi kabi yangilanish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va barcha foydalanuvchilar undan birdaniga foydalana olmaydi.

Yangi Siri foydalanuvchilar ma’lumotlarini tahlil qilish hisobiga so‘rovlar mazmunini yaxshiroq tushuna oladi. Shu bilan birga dasturchilar maxfiylikning yuqori darajasini ta’minlashga va’da bermoqda.

Hozirda kompaniya ovozli yordamchi ustida ishlash uchun mutaxassislarni faol qidirmoqda. Apple yangilangan yordamchi ChatGPT va Google Gemini’ga nafaqat yetib olish, balki ulardan o‘tib ketishiga umid qilmoqda.

Mavzuga oid