Sport | 11:53
7216
16 daqiqa o‘qiladi

«Real» «Barsa»ga yetib olmoqda, Saloh «Liverpul»ni qutqardi. Kun o‘yinlari

Yakshanba kuni Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Burak Akbulut/Getty Images

Angliya: ten Hagdan yaxshiroq

«Sauthempton» – «Liverpul» 2:3
Gollar:
0:1 – 30 Soboslai, 1:1 – 42 Armstrong, 2:1 – 56 Fernandesh, 2:2 – 65 Saloh, 2:3 – 83, penalti Saloh
«Sauthempton» – Makkarti, Uoker-Piters, Freyzer (Sugavara, 77), Stivens, Dauns, Harvud-Bellis, Armstrong (Archer, 77), Lallana (Aribo, 37), Fernandesh, Dibling, Onuachu (Ugochukvu, 52).
«Liverpul» – Kelleher, Roberson, van Deyk, Konate, Bredli, Jons (Mak Allister, 62), Gravenberh, Gakpo (Dias, 62), Soboslai, Saloh, Nunes (Endo, 90).
Ogohlantirishlar: Bredli (13), Konate (16), Lallana (23), Gakpo (49), Armstrong (73), Saloh (84).

Shanba kuni «Liverpul» «Manchester Siti»ni yirik hisobda mag‘lub etgan «Tottenhem»dan sovg‘a olgandi. Bir kun o‘tib esa qizillarning o‘zi imkoniyatdan foydalanib, ikkinchi o‘rin bilan oradagi farqni sakkiz ochkoga yetkazish talab etilardi. Jamoa uchun qulay vaziyat yuzaga kelgandi, ammo milliy jamoalar o‘yinlari vaqtida yuzaga keladigan tanaffusdan keyingi o‘yinlar top-klublar uchun oson kechmaydi. Lekin raqib turnir jadvalining so‘nggi o‘rnidagi jamoa bo‘lganidan kelib chiqib, mersisaydliklarda muammo bo‘lishi kutilmayotgandi va amalda ham favoritlar hisobni ochishdi. O‘yindagi birinchi gol — jamoaning o‘ziga xos tajovuzkor pressingi natijasi bo‘ldi, mezbonlar o‘z jarima maydonidan chiqishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va to‘pga ega chiqqan Soboslai shunchaki olis burchakka aniq zarba yo‘llashi qolgandi.

Ammo autsayder darhol Kelleherni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Irlandiyalik posbon murakkab epizodda qutqarishiga to‘g‘ri keldi. Keyin esa u penaltini ham qaytardi, ammo Armstrong qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelib, xatosini tuzatdi. Tanaffusdan qaytganidan keyin Arne Slot jamoasi qarshi hujumda gol o‘tkazib yubordi va hisobda ortda qola boshladi. Turnir jadvali peshqadami halokat yoqasida qolgandi, ammo «Sauthempton»ning xatolaridan foydalanib, natijaga erishdi. Gravenberh to‘pni ofsayd qopqoni hosil qilishda xatoga yo‘l qo‘ygan himoyachilar ortiga tashlab berdi, Saloh esa bir harakat bilan to‘pni oldinga chiqib kelgan va noto‘g‘ri pozitsiya tanlagan darvozabonning yonidan o‘tkazib, darvoza to‘riga yo‘lladi.

O‘yin oxirlariga borib Suguvara jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi, Saloh penaltini aniq ijro etib, golini futbolkasini yechib tashlagan holda nishonladi. Endi mersisaydliklar turnir jadvalida eng yaqin ta’qibchisidan 8 ochko ilgarilab ketdi, bunga eng katta hissa qo‘shgan misrlik hujumchi esa qatorasiga sakkizinchi mavsumda golli harakatlarini kamida o‘ntaga yetkazmoqda, uning APL safar o‘yinlaridagi gollari soni 100 taga yetdi.

«Ipsvich» – «Manchester Yunayted» 1:1
Gollar:
0:1 – 2 Reshford, 1:1 – 43 Hatchinson.
Ipsvich – Murich, Devis, Berdjyess, O`Shi, Tuanzebe, Kayuste (Teylor, 65), Morsi, Smodich (Klark, 65), Hatchinson, Berns (Chaplin, 82), Delap (Al-Hamadi, 81).
«Manchester Yunayted» – Onana, Evans (Shou, 56), de Ligt, Mazraviy, Garnacho (Maunt, 86), Brunu Fernandesh, Diogu Dalot, Eriksen (Zirkze, 68), Kazemiro (Ugarte, 56), Diallo, Reshford (Hoylund, 68).

«MYu» muxlislari so‘nggi vaqtlarda shu qadar ko‘p jabr chekishdiki, ko‘pchilik Ruben Amorimni darhol barcha muammolarga barham bera oladigan sehrgar sifatida kuta boshladi. Va uning debyut o‘yinining ikkinchi daqiqasida jamoaning bu mavsumdagi eng yaxshi assistenti Diallo (uchta golli pas) kutilmaganda markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘lgan Reshford uchun gol uyushtirib berganida portugaliyalik murabbiy sehriga ishonuvchilar soni geometrik progressiyada o‘sa boshladi.

Faqat jamoaning oldingi murabbiylarida ham debyut uchrashuvlarida tezkor gollar bo‘lgandi. Masalan, Devid Moyyesning 2002 yil «Everton»dagi ilk o‘yinida. Amorimda esa hech qanday sehrli tayoqcha yo‘q edi va mankunianliklar shu kuni ilk bor uch markaziy himoyachi sxemasida harakatlangani o‘yinga ta’sir ko‘rsatdi. Jamoa hali bu sxemani to‘liq o‘zlashtirmagan va Onana shu kuni ko‘p ter to‘kishga majbur bo‘ldi.

U birinchi bo‘limda ham, ikkinchi bo‘limda ham yaqin masofalardan yo‘llangan zarbalarni qaytara oldi, ammo Hatchinsonning uzoqdan yo‘llagan zarbasi qarshisida ojiz qoldi, bu epizodda to‘p Mazraviyning boshiga tekkan holda trayektoriyasini o‘zgartirdi va olis «to‘qqizlik»ka qadaldi.

Amorim esa klub an’anasiga sodiq qoldi, bungacha ham hech bir mutaxassisning «MYu»dagi ilk o‘yinida darvoza daxlsizligi saqlab qolinmagan. Shu bilan birga, hech bir murabbiy jamoadagi ilk o‘yinida durang qayd etmagandi, lekin bu o‘z premerasida yutqazgan («Brayton»ga 1:2 hisobida) Erik ten Hagning natijasidan yaxshiroq. Faqat muxlislar turnir jadvalining quyi pog‘onalarida borayotgan jamoaga qarshi o‘yindan faqat g‘alaba kutishgandi. Ikkinchi bo‘limda ikki markaziy hujumchi — Hoylund va Zirkze bir vaqtda maydonga tushishi ham yordam bera olmadi. «Ipsvich» himoyachilari ularni to‘xtatishdi, mehmonlarning yangi murabbiylar shtabida qiladigan ish hali ko‘p.

Ispaniya: Valverde sardor rolida

«Leganes» – «Real» 0:3
Gollar:
0:1 – 43 Mbappe, 0:2 – 66 Valverde, 0:3 – 85 Bellinghem.
«Leganes» – Dmitrovich, Xavi, Nastasich, Serxio Gonsales, Munir (Raba, 59), Brashanats (Aller, 75), Xuan Krus, Neu (Chikko, 58), Tapiya, Altimira (Roze, 75), de la Fuente (Diyego Garsiya, 86).
«Real» – Kurtua, Fran Garsiya, Ryudiger, Asensio, Valverde, Bellinghem (Endrik, 87), Sebalyos, Kamavinga, Guler (Braim Dias, 75), Mbappe (Modrich, 83), Vinisius Junior.
Ogohlantirishlar: de la Fuente (49), Altimira (69).

Jarohatlar epidemiyasi tufayli Raul Asensio «Real»ning boshlang‘ich tarkib futbolchisiga aylandi. Karlo Anchelotti unga zaxira variant sifatida 17 yoshli Diyego Aguadoni asosiy jamoaga jalb qilgan. Bu o‘smir tabiiyki, zaxira o‘rindig‘ida qoldi, darvozaga esa jarohatidan tuzalgan Kurtua qaytdi. Yana bir e’tiborli voqea — Valverde sardorlik bog‘ichini olishi bo‘ldi. Urugvaylik yarimhimoyachi yana o‘ng qanot himoyachisi sifatida o‘ynamoqda.

Vinisius hujum markazida, Mbappe o‘zi uchun qulay bo‘lgan chap qanotda harakatlandi. Beshinchi daqiqada u Dmitrovichning reaksiyasini tekshirib ko‘rdi, 10-daqiqada Vinisiusning himoyachilar orasidan o‘tkazib bergan pasiga ochilib, yaqin burchakni aniq nishonga oldi. Ammo odatdagidek ofsayddan. Bu o‘rinda arbitr Roxasga hech qanday savol yo‘q, ammo 35-daqiqada bahsli vaziyat yuzaga keldi. Vini raqib jarima maydoni ichida yiqildi va himoyachilar unga qo‘pollik qilgandek ko‘rindi. Ammo penalti berilmadi.

Bo‘lim oxirida esa madridliklar hujumidagi yulduzlar hamkorligi bilan hisob ochildi. Bu hujumni Kamavinga va Bellinghemning pressingdagi harakatlari boshlab berdi, o‘ngroqqa siljigan Vinisius Junior Mbappeni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqardi. Bu gol jamoadagi tizimning yaqqol namoyishi bo‘ldi, chunki «Real» maydonning uchinchi qismida egallab olingan to‘plar bilan gol urishda top-5 ligalarda yetakchi (5). 

Ikkinchi bo‘lim boshida ham mehmonlar penaltiga da’vo qilishdi. Nastasich ikki qo‘li bilan jarima maydoniga kirib borayotgan Bellinhemni ushlab qoldi — Roxas bu epizodni ham e’tiborsiz qoldirdi.

«Real» hakam yordamisiz ham uddaladi. «Qaymoqranglilar» raqib jarima maydoni yaqinida standart vaziyatga ega bo‘ldi. Nihoyat boshlang‘ich tarkibda tushgan Sebalyos to‘pni Gulerga yumalatib berdi, u esa to‘pni Valverdega qoldirdi. Urugvaylik yarimhimoyachi yerlatib kuchli va aniq zarba berdi, «Leganes» futbolchilari hosil qilgan jonli devor to‘pni o‘tkazib yubordi va u standart vaziyatdan urgan gollari sonini yana bittaga oshirdi. Bu vaziyatda darvozabon to‘p yaqin burchakka kelishini kutmagandi.

O‘yin oxirlarida Bellinghem to‘sindan qaytgan to‘pni darvozaga yo‘llab, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Madridliklar zaxirada bir o‘yini bor holda «Barselona» bilan oradagi farqni to‘rt ochkogacha qisqartirdi.

Italiya: «Roma» yana yutqazdi

«Komo» – «Fiorentina» 0:2
Gollar:
0:1 – 19 Adli, 0:2 – 68 Kin.
«Komo» – Audero, Sala (Yovine, 46), Barba (Fellipe Jyek, 78), Dossena, Goldaniga, Da Kunya (Brauneder, 86), Engelhardt (Verdi, 79), Alberto Moreno, Pas, Fadera (Belotti, 79), Kutrone.
«Fiorentina» – De Xea, Gozens, Raniyeri (Kayode, 81), Komutsso, Dodo (Pongrachich, 81), Adli, Kataldi (Sottil, 56), Bove, Beltran (Ikone, 66), Kolpani (Martines Kuarta, 66), Kin.
Ogohlantirishlar: Pas (29), Beltran (58), Dossena (87).
Chetlatish: Dossena (90+2).

Tanaffusdan oldin kuchli namoyish etishga kirishib, uchinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan «Fiorentina» sekinlashmoqchi emas va Komoda g‘alabali seriya yetti o‘yinga yetkazildi. Bu «fialkalar» tarixida ikkinchi bor shunday muvaffaqiyatli oraliq bo‘lmoqda, bundan yaxshiroq seriya (qatorasiga sakkiz turda g‘alaba) uzoq 1960 yilda kuzatilgandi. Klub rekordini takrorlash uchun Raffaele Palladino shogirdlari bir haftadan keyin «Inter»ni mag‘lub etishi talab etiladi va Florensiyada o‘tkaziladigan bu o‘yin qaysidir ma’noda jamoaning ambitsiyalari hozirda egallab turgan o‘rniga (YeChLga yo‘llanma beruvchi) mos kelishi yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob beradi. «Komo»ga qarshi o‘yinda esa saviyadagi farq evaziga g‘alabaga erishildi, hisob 1:0 holatida ekanida De Xea supermen rejimini yoqishiga ham to‘g‘ri keldi. Raqib hujumlaridan birida ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan ispaniyalik yaqin masofadan yo‘llangan kuchli zarbani qaytardi, keyin esa takroriy zarbani ham to‘sdi, chiziq ustida to‘pni raqib oyog‘i ostidan olib qo‘yib, uchinchi zarbaga imkon qoldirmadi. Aytish mumkinki, tajribali darvozabon jamoani uyg‘otdi va qatorasiga to‘rtinchi turda gol urgan Moyze Kin asabiy yakunni bekor qildi. U mavsum startida yetti gol urishi — faoliyatida birinchi bor kuzatilmoqda.

«Napoli» – «Roma» 1:0
Gol:
1:0 – 54 Lukaku.
«Napoli» – Meret, Olivera, Buondjorno, Rraxmani, Di Lorenso, Maktominey, Lobotka, Zambo-Angissa (Folorunsho, 86), Kvaratsxeliya (Neres, 67), Lukaku (Simeone, 79), Politano (Matssokki, 86).
«Roma» – Svilar, Anxelinio, Ndika, Manchini (Dibala, 88), Chelik (Abdulhamid, 78), Pellegrini (Baldansi, 46), Pizilli (Dal, 78), Kristante, Kone, Al-Sha’roviy (Hummels, 46), Dovbik.
Ogohlantirishlar: Ndika (38), Pizilli (60), Kristante (90+1).

Oxirgi turdan keyin «Roma» ikki oycha ishlagan Ivan Yurichni bosh murabbiylikdan bo‘shatdi va shturvalni uchinchi bor Klaudio Raniyeriga ishonib topshirdi. U esa birinchi o‘yinini chempionat peshqadami «Napoli»ga qarshi safar o‘yini bilan boshlashiga to‘g‘ri keldi. Rimliklar birinchi bo‘lim davomida raqibga birinchi raqam ostida o‘ynashga qo‘yib berdi va janubliklarning hujumlarini qaytarib, yaqqol xavfli vaziyat yuzaga keltirilishiga yo‘l qo‘ymadi.

Ammo ikkinchi bo‘limda mezbonlar Xvichaning sa’y-harakatlari bilan g‘alaba goli urishli, u maydon markazida turib o‘ng qanotdan raqib jarima maydoniga kirib borgan Di Lorensoni to‘p bilan ta’minladi, sardor esa darhol qulay vaziyatda turgan Lukakuni topdi. O‘tgan mavsumda «Roma»da to‘p surgan belgiyalik hujumchi Hummelsdan ustun keldi. Rimliklar hujumida Dovbikning faolligi mehmonlarni qutqara olmadi, ukrainalikning bir necha metrdan bosh bilan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p to‘singa tegdi. Raniyeri mag‘lubiyat bilan boshladi, Antonio Konte esa Neapolga yaqqol peshqadamlikni qaytardi, ammo turnir jadvalida ta’qibchilar juda yaqin joylashgan.

«Latsio» – «Bolonya» 3:0
Gollar:
1:0 – 68 Jigo, 2:0 – 72 Dzakkani, 3:0 – 90+2 Dele-Bashiru.
«Latsio» – Provedel, Pellegrini, Romanioli (Jigo, 46), Xila, Ladzari, Vesino (Dia, 60), Rovella, Genduzi, Dzakkani (Tshauna, 74), Kastelyanos (Dele-Bashiru, 85), Pedro (Isaksen, 60).
«Bolonya» – Ravalya, Miranda, Lukumi, Bekema, De Silvestri, Pobega, Froyler (Fabbian, 74), Karlsson (Moro, 46), Odgor (Dallinga, 74), Orsolini (Urbanski, 46), Kastro (Holm, 80).
Ogohlantirishlar: Pobega (23), Jigo (63), Tshauna (84), Pellegrini (90+1), Xolm (90+1).
Chetlatish: Pobega (35).

Peshqadamlar guruhidagi yana bir jamoa «Latsio» esa turni yakunlab berdi va «burgutlar» birinchi bo‘limdayoq kulgili holatda son jihatdan ustunlikka erishishdi. Rimliklar darvozaboni Genduziga noqulay pas uzatdi, ammo raqib yarimhimoyachisi Pobega to‘pni olib qo‘yishga urinib, raqibini yiqitdi va unga ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatildi. Ikkinchi bo‘limda Jigo vatandoshi uchun qasd olib, burchakdan oshirib berilgan to‘pga bosh bilan zarba yo‘llagan holda hisobni ochdi. Ko‘p o‘tmay Dzakkani mezbonlarning ustunligini oshirdi. Bu g‘alabadan keyin A seriya turnir jadvalida hayratomuz vaziyat yuzaga keldi: «Napoli»dan keyin joylashgan to‘rt jamoa — «Inter», «Fiorentina», «Atalanta» va «Latsio» peshqadamdan faqat bir ochko kam jamg‘argan.

Kun statistikasi

«Liverpul» bosh murabbiyi Arne Slot APLda dastlabki 12 o‘yinidan 10 tasida g‘alaba qozongan 3-mutaxassis bo‘ldi, bungacha bunday natija faqat Karlo Anchelotti va Gus Hiddink tomonidan qayd etilgandi.

«Mayns» hujumchisi Burkardt joriy mavsumda safar o‘yinlarida 6 gol urdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u top-5 ligalarda faqat Levandovskidan ortda.

7 yildan buyon «Portu» kamida Portugaliya Kubogi yarimfinaliga chiqib kelayotgandi. «Ajdarlar»ning seriyasi joriy mavsumdagi turnir 1/16 finalida «Moreyrense»ga qarshi safar o‘yinida (1:2) to‘xtadi.

«Sauthempton» APLda dastlabki 12 turdan 10 tasida yutqazgan 8-jamoa bo‘ldi. Oldingi yetti holatda bunday start chempionshipga tushib ketish bilan yakunlangandi.

«Nant» bu yilda 15 ta uy o‘yinidan 12 tasida yutqazdi (+1=2-12). «Kanareykalar» oxirgi turda «Gavr»ga 0:2 hisobida yutqazib, ushbu jamoani turnir jadvalida o‘zidan oldinga o‘tkazib yubordi.

«MYu» hujumchisi Markus Reshford APLdagi gollari sonini 85 taga yetkazib, bu borada Eden Azar, Fernando Torres va Lui Saa bilan tenglashib oldi.

Mavzuga oid