Jahon | 07:53
3094
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Donald Trampga qarshi ikkita jinoiy ish to‘xtatildi

AQSh Adliya vazirligi Donald Trampga nisbatan saylovga aralashish va maxfiy hujjatlarni saqlash bo‘yicha jinoiy ishlar to‘xtatilganini e’lon qildi.

Foto: Reuters

Maxsus prokuror Jyek Smit suddan Donald Trampga qarshi ishni tugatishni so‘radi. Bu haqda uning o‘zi 25 noyabr, dushanba kuni ma’lum qildi.

Prokuror Smit sudya Tanya Chutkanga yo‘llagan so‘rovida AQSh Konstitutsiyasi saylangan prezidentning inauguratsiyasidan oldin unga qarshi ishni tugatishni talab qilishini tushuntirgan. Chutkan ishni shu kuniyoq rasman to‘xtatgan.

Saylov kampaniyasi vaqtida Donald Tramp Oq uyga qaytishi bilanoq Jyek Smitni ishdan bo‘shatishini aytgandi.

Trampga qarshi jinoiy va fuqarolik ishlari

Tramp jami to‘rtta jinoiy ish bo‘yicha ayblangan. 25 noyabr kuni ikkita ish yopildi: bular siyosatchining 2020 yilgi prezidentlik saylovlari natijalarini o‘zgartirishga urinishi va maxfiy hujjatlarni saqlashdagi qonunbuzarlik bilan bog‘liq.

Nyu York va Jorjiya shtatlarida ham Donald Trampga qarshi yana ikkita ish qo‘zg‘atilgan. Birinchisiga ko‘ra, sobiq prezident biznes hujjatlarini qalbakilashtirishda ayblangan. Hakamlar hay’ati uni aybdor deb topgan, shundan so‘ng u qaror ustidan shikoyat qilgan va sudya ishni to‘xtatgan.

Ikkinchi holatda Tramp 2020 yilda Jorjiyadagi prezidentlik saylovlari natijalariga ta’sir ko‘rsatishga urinishda ayblangan.

Bundan tashqari, Donald Trampga nisbatan ikkita fuqarolik ishi qo‘zg‘atilgan. Ular 1990-yillar oxirida sobiq jurnalist Jin Kerollga nisbatan jinsiy tegajog‘lik qilish va keyinchalik unga tuhmat bilan bog‘liq.

Mavzuga oid