O‘zbekiston | 17:31
2346
4 daqiqa o‘qiladi

Prezidentga ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bo‘yicha axborot berildi

Yig‘ilishda mamlakatdagi diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik doimiy e’tiborda bo‘lishi ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni ijtimoiy muhitni mustahkamlash hamda diniy ma’rifatni rivojlantirish borasidagi ishlar haqida yig‘ilish o‘tkazdi.

Qayd qilinishicha, O‘zbekiston – huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Konstitutsiyada hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlangan. O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhiti hukm surmoqda. Barcha din vakillari ibodat amallarini erkin ado etmoqda. Oxirgi besh yilda diniy-ma’rifiy sohaga oid 3 ta qonun, 4 ta Prezident farmoni va ko‘plab qarorlar qabul qilindi. Yig‘ilishda ularning ijrosi din vakillariga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Xususan, musulmonlar uchun sharoitlarni yaxshilash maqsadida 100 dan ortiq masjid barpo etildi, 555 tasi ta’mirlandi. Diniy tashkilotlar uchun bino qurilishiga yer ajratish tartibi joriy qilindi.

Haj kvotasi avvalgiga qaraganda 2 karra oshirildi. So‘nggi yetti yilda 60 mingdan ziyod o‘zbekistonlik haj amallarini bajardi. Umra safarlarini tashkil qilish qonuniy tartibga solindi.

Sohada malaka va ilm masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy-tadqiqotlarga zamin bo‘lmoqda. Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy o‘rta maxsus ta’lim muassasasida malakali mutaxassislar tayyorlanayapti. Shuningdek, 30 ming fuqaro «Qur’oni karim va tajvid» kurslarini tamomladi.

So‘nggi yillarda Abu Iso Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Sulton Uvays Qaraniy, Suzuk ota yodgorlik majmualari obod qilindi. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazida bunyodkorlik davom etmoqda. «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 90 ta ziyoratgoh ta’mirlanib, obodonlashtirildi.

Islom ma’rifatini keng yoyish va tajriba almashish maqsadida xalqaro aloqalar ham kengaytirilmoqda. Jumladan, bu yil yurtimizda «Islom – ezgulik va tinchlik dini» hamda «Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni» mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar, Bag‘rikenglik haftaligi o‘tkazildi.

Ma’lumki, bugun kibermakonda xavf-xatarlar kuchayib bormoqda. Chegaralar va qonunlarni tan olmaydigan internet tarmoqlari orqali radikal g‘oyalar ham kirib kelmoqda. Buning oqibatida aholining nisbatan zaif qatlamlari, jumladan, yoshlar turli noqonuniy guruhlar ta’siriga tushib qolayotgani afsuslanarli. Butun jamoatchilik bundan ogoh bo‘lishi, ulamolar va keksalar to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishi kerak.

Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari tajribasi asosida mahallalarda «Oqsoqollar va ota-onalar kengashi» tuzilgani bunda muhim o‘rin tutmoqda. Hojilarning «Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz» degan tashabbusi ham ijtimoiy vaziyatni yaxshilashda ijobiy qadam bo‘lgani ta’kidlanmoqda.

Bunday xayrli ishlarni davom ettirib, mahallalarda ma’naviy muhitni mustahkamlash, yoshlarni ilmu hunarga chorlash muhimligi aytildi. Mutasaddilarga ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni jamiyatga qayta moslashtirish, bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Mamlakatdagi diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik doimiy e’tiborda bo‘lishi ta’kidlandi.

Mavzuga oid