Jahon | 15:25
1721
4 daqiqa o‘qiladi

RF yollagan bolgar josuslari Grozevni o‘ldirishni rejalashtirgan

Londondagi sud jarayonida ma’lum bo‘lishicha, Orlin Rusev Yan Marsalek bilan Bellingcat tadqiqotchisi, FBK va Aleksey Navalniy bilan hamkorlik qilgan Xristo Grozevning o‘g‘irlanishi va o‘ldirilishini muhokama etgan.

Foto: Sean Gallup/Getty Images

Bolgariya fuqarosi Orlin Rusev va Wirecard moliyaviy kompaniyasining sobiq savdo direktori, Rossiya maxsus xizmatlari uchun josuslikda gumon qilinayotgan Avstriya fuqarosi Yan Marsalek Bellingcat internet-nashrining jurnalisti Xristo Grozevning o‘g‘irlanishi va o‘ldirilishini muhokama qilgan. Bu haqda Britaniyaning The Guardian gazetasi 28 noyabr, payshanba kuni kechqurun Londondagi Markaziy jinoiy sud majlisi chog‘ida bir guruh Bolgariya fuqarolariga qarshi qo‘zg‘atilgan josuslik ishi tafsilotlariga asoslanib yozdi.

«Sudga Marsalek va Rusev Xristo Grozevga oid variantlarni muhokama qilishgan xabarlar almashgani aytilgan», deyiladi materialda. «Bu variantlar uni kuzatish, o‘g‘irlash va Moskvaga yetkazish, o‘ldirish va Bellingcat'ga kirishni o‘z ichiga olgan». Bolgariyalik jurnalist Xristo Grozev Bellingcat'ning Rossiya bo‘yicha yetakchi surishtiruvchisi bo‘lib, Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi (FBK), shu jumladan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy bilan birgalikda surishtiruvlarda qatnashgan.

Ayg‘oqchilik ishida Orlin Rusevdan tashqari yana besh nafar Bolgariya fuqarosi ayblanmoqda: Bizer Jambazov, Katrin Ivanova, Vanya Gaberova, Tihomir Ivanchev va Ivan Stoyanov. 2009 yildan beri Rusev Buyuk Britaniyada yashagan va signallarni tutib olish sohasida biznes bilan shug‘ullangan, Jambazov va Ivanova bolgarlarga yordam ko‘rsatishni tashkil qilishgan, Ivanchev bo‘yoqchi bo‘lib ishlagan, Stoyanov Buyuk Britaniyada aralash yakkakurashlar musobaqalarida qatnashgan, deyiladi tergov materiallarida. Rusev va Jambazovdan boshqa hamma o‘z aybini inkor etdi.

Londondagi sudda ikki bolgar RF uchun josuslik qilganini tan oldi

Buyuk Britaniyada hibsga olingan Bolgariyaning ikki fuqarosi Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda aybini tan oldi. Bu haqda 28 noyabr kuni Londondagi Markaziy jinoiy sud majlisi chog‘ida ma’lum bo‘ldi. 46 yoshli Orlin Rusev va 43 yoshli Bizer Jambazov majlis boshlanishidan oldin buni tan olishgan, deb xabar beradi dpa agentligi. Xuddi shu ish bo‘yicha yana uch gumonlanuvchi o‘z aybini tan olmadi, deya xabar beradi dpa.

Tergov aybiga iqror bo‘lgan Rusev Moskvaga ishlagan ayg‘oqchilar guruhini boshqargan, deb hisoblaydi. Taxminlarga ko‘ra, u rus razvedka xizmatlari bilan hamkorlik qilgan va keyinchalik yashiringan avstriyalik tadbirkor Yan Marsalekdan topshiriq olgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, josuslik guruhi nafaqat Buyuk Britaniyada, balki Germaniya, Avstriya, Ispaniya va Chernogoriyada ham faoliyat yuritgan, deya qayd etadi dpa. Sud jarayonida prokuror Elison Morganning aytishicha, ayblanuvchilar odamlar yoki narsalar tasvirini olgan hamda 2020 va 2023 yillar oralig‘ida o‘z maqsadlari haqida batafsil hisobotlar yozgan. Buning evaziga ular «katta miqdordagi pul» olgan, dedi Morgan.

Mavzuga oid