Jahon | 14:06
844
3 daqiqa o‘qiladi

YeP Gurjiston YeIga kirish bo‘yicha muloqotni muzlatib qo‘yganidan afsusda

Yevroparlament Gurjistonning «demokratik orqaga chekinishi» va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishini targ‘ib qilish uchun «tarixiy imkoniyat»dan foydalana olmaganini bildirdi.

Foto: AP/Zurab Tsersvadze

Yevroparlament (YeP) a’zolari Gurjiston hukumatining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlash sa’y-harakatlarini to‘xtatish haqidagi qaroridan afsusda. Bu haqda 29 noyabr, juma kuni YeP Tashqi aloqalar qo‘mitasi rahbari Devid Makalister, «YeI-Gurjiston» parlament assotsiatsiyasi qo‘mitasi raisi Nil Ushakov va Yevroparlamentning Gurjiston bo‘yicha doimiy ma’ruzachisi Rasa Yuknyavichenning bayonotida aytiladi.

«Gurjistonning 2022 yilning mart oyida YeIga a’zo bo‘lish uchun ariza berishi suveren qaror edi», shundan so‘ng unga «nomzodlik maqomi 2023 yil dekabrida berildi», deb eslatadi YeP.

«Ushbu tarixiy imkoniyatni ro‘yobga chiqarish va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini ilgari surish o‘rniga, Gurjistonda demokratik orqaga qaytish kuzatilmoqda», deyiladi tashkilotda.

YeP Gurjistonda parlament saylovlaridagi firibgarliklar haqida ma’lum qildi

Deputatlar yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari xalqaro demokratik standartlarga javob bermaganini yana bir bor ta’kidladilar. Xabar qilingan firibgarlik holatlari «saylov jarayonining yaxlitligi va yangi hukumatning qonuniyligiga putur yetkazadi», dedi ular.

Yevroparlament hukumatning YeIga integratsiya jarayonini to‘xtatish rejasiga qarshi ko‘chalarga chiqqan yevropaparast gurjilar huquqlarini hurmat qilishni talab qilmoqda.

«Biz ularga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llanishini qoralaymiz va tegishli organlarni tinch namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishni to‘xtatishga chaqiramiz», deb ta’kidladi Makalister, Ushakov va Yuknyavichene.

Yevroparlament Gurjistonda yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirdi

Yevroparlament Gurjistondagi saylov natijalari gurji xalqi xohish-irodasini aks ettirmaydi deb hisoblaydi va ularni tan olmaslikka chaqiradi. Bu 28 noyabr kuni qabul qilingan «Yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan so‘ng Gurjistonda demokratiya inqirozining kuchayishi va saylovlarda soxtalashtirilgani haqidagi taxminlar» rezolyutsiyasida aytiladi. Uning qabul qilinishiga 444 deputat ovoz berdi, 72 deputat qarshi chiqdi, 82 deputat betaraf qoldi.

«Ovoz berishning qonuniyligi qonunbuzarliklar miqyosi bilan jiddiy ravishda buzilganligi sababli, xalqaro hamjamiyat saylov natijalarini tan olmasligi kerak», deyiladi hujjatda «Shuning uchun Yevropa parlamenti parlament saylovlarining har qanday tan olinishini rad etadi va ularni bir yil ichida takroran adolatli va oshkora o‘tkazilishini ta’minlashga chaqiradi. Saylov jarayoni mustaqil va xolis bo‘lgan takomillashtirilgan saylov muhitida, xalqaro nazorat ostida o‘tishi kerak».

Mavzuga oid