Jahon | 13:50
18410
16 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda shunday qishloq bor: unga erkaklar kirishi taqiqlangan

Keniyadagi Umoja qishlog‘ida faqat ayollar yashashiga ruxsat berilgan. Dastlab jinsiy zo‘ravonlik qurbonlari uchun boshpana sifatida tashkil etilgan qishloqda ayollar hozir o‘z mehnati orqali hayot kechirmoqda.

Umoja haqidagi maqola The Guardian nashrida bundan to‘qqiz yil avval chop etilgan. Ayollar huquqi haligacha dolzarbligi tufayli Kun.uz maqolani o‘quvchilarga havola etmoqda.

Ayollar davrasi: markazdagi 19 yoshli Judiya majburan turmushga chiqishdan qochib, olti yil oldin Umoja qishlog‘iga kelgan. Qishloq 1990 yilda Britaniya askarlari tomonidan zo‘rlangan 15 nafar ayol tomonidan tashkil etilgan.
Foto: Georgina Goodwin

2015 yilda qishloqqa tashrif buyurgan The Guardian jurnalisti Juli Bindel Umoja ayollari bilan suhbatlashadi, ularning bu yerga kelib qolishi tarixi bilan qiziqadi.

Jyeyn ismli ayol ko‘p yillar avval harbiy formadagi uch erkak tomonidan zo‘rlanganini aytdi. O‘shanda u erining qo‘y-echkilarini boqib, o‘tin terayotgandi. “Voqeadan qattiq uyalardim va bu haqda boshqalarga aytolmasdim. Ular menga juda dahshatli ishlar qilishdi”, — deydi Jyeyn iztirobga to‘la ko‘zlari bilan.

Ayol 38 yoshda, lekin ancha katta ko‘rinadi. U oyog‘idagi chuqur chandiqni ko‘rsatdi — uni yerga itarib yiqitishganida, oyog‘iga tosh kirib ketgan. U past, ikkilanuvchi ovozda hikoyasini davom ettirdi.

“Nihoyat qaynonamga kasal ekanimni aytishga majbur bo‘ldim, chunki jarohatlarim va tushkunligimni qandaydir yo‘l bilan tushuntirishim kerak edi. Menga an’anaviy dori-darmonlar berishdi, ammo ulardan foyda bo‘lmadi. Qaynonam erimga (zo‘rlash haqida) aytganida, u meni tayoq bilan savaladi. Shuning uchun bolalarim bilan yashirincha bu yerga qochib keldim”.

Umoja qishlog‘i Keniya shimolidagi Samburu yaylovlarida joylashgan. Qishloq tikanli simlar bilan o‘ralgan, deb u yerdagi manzarani ta’rifladi jurnalist. Atrofda echkilar o‘tlab yuradi, tovuqlar don teradi. Bambuk bo‘yralarda o‘tirgan ayollar ham gurung qilib, ham chaqqonlik bilan taqinchoqlar yasaydi — ular o‘z mahsulotlarini sayyohlarga sotib, pul ishlaydi. Sigir go‘ngi, bambuk va shox-shabbalardan qurilgan kulbalar tomiga quyoshda quritish uchun kiyimlar ilingan. Bolalar kunduzgi uyquda. Sukunatni qushlar ovozi buzadi. Bu oddiy Samburu qishlog‘i, faqat bir narsasi bilan farq qiladi: bu yerda birorta ham erkak yashamaydi.

Ayollar jurnalistni ashula va raqslar bilan qarshi oldi. Ular an’anaviy samburu kiyimlari — naqshli yubkalar, yorqin ko‘ylaklar kiyishgan, yelkalariga kang (rangli yopinchiq) tashlab olgan. Bo‘yinlariga rang-barang munchoqlardan yasalgan marjon taqqan.

68 yoshli Seyta Linjima Umoja haqida mish-mishlardan eshitib kelgan.

Qishloqni mahalliy Britaniya askarlari tomonidan zo‘rlangan 15 nafar ayoldan iborat guruh 1990 yilda tashkil etgan. Endilikda Umoja aholisi bolalar nikohi, ayollarning jinsiy a’zolari kesilishi (FGM), oilaviy zo‘ravonlik va zo‘rlashdan qochib kelgan ayollar hisobiga kengayib bormoqda. Yuqorida sanalgan ishlar Samburu qabilasi orasida madaniy me’yor hisoblanadi.

Rebeka Lolosoli — Umoja qishlog‘i asoschisi va rahbari. U o‘zi tug‘ilib-o‘sgan qishloqdagi ayollar bilan ularning huquqlari haqida gaplashishga jur’at etgani uchun bir guruh erkaklar tomonidan kaltaklangan. Shifoxonada davolanish chog‘ida, uning xayoliga faqat ayollar uchun jamoa tashkil etish g‘oyasi kelgan.

Samburu qabilasi masai qabilasi bilan yaqin aloqada bo‘lib, o‘xshash tilda so‘zlashadi. Yarim ko‘chmanchi chorvadorlardan iborat qabila odatda besh-o‘n oila bo‘lib yashaydi. Ularning madaniyati chuqur patriarxal. Qishloq majlislarida erkaklar muhim masalalarni muhokama qilish uchun ichkarida o‘tiradi, ayollar esa tashqarida qoladi, faqat ahyon-ahyonda ularga o‘z fikrlarini bildirishga ruxsat beriladi. Umojaning dastlabki a’zolari Rift vodiysidagi yakka-yakka qishloqlardan kelgan. O‘shandan buyon, boshpana haqida eshitgan ayol-qizlar bu yerga kelib, savdo-sotiq qilishni, farzand tarbiyalashni va erkaklar zo‘ravonligidan qo‘rqmay yashashni o‘rganmoqda.

Hozirgi kunda (2015 yil) Umojada 47 nafar ayol va 200 nafar bola yashaydi. Garchi aholi kamtarona hayot kechirsa-da, bu yerdagi ishbilarmon ayollar va qizlar barchani oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshpana bilan ta’minlaydigan doimiy daromad topishmoqda.

Qishloq rahbarlari daryodan bir kilometr uzoqlikda joylashgan kempingni boshqaradi, u yerda sayyohlar dam olish uchun to‘xtaydi. Ularning ko‘pchiligi va yaqin atrofdagi qo‘riqxonalardan o‘tadigan boshqa sayyohlar Umojaga tashrif buyuradi. Qishloqqa kirish uchun arzimagan haq to‘lansa-da, mehmonlar hunarmandchilik markazida ayollar yasagan taqinchoqlarni xarid qilishi mumkin.

Lolasoli baland bo‘yli, baquvvat, sochi qirilgan, an’anaviy samburu munchoqlarini taqib yuradigan ayol. Umojadagilarning aytishicha, Lolasoli qishloqqa asos solganidan beri mahalliy erkaklar tomonidan bir necha bor tahdid va hujumlarga uchragan, ammo bu uni to‘xtatolmaydi. Jurnalistning tashrifi vaqtida Lolosoli qizini ko‘rgani Germaniyaga ketgandi. Avvalroq u jurnalist bilan gaplashgan va qishloq tashkil etilganidan buyon o‘tgan 25 yil ichida o‘zi va boshqa ayollar erishgan barcha yutuqlardan g‘ururlanishini aytgan.

Chayna Laprodat ham bolasiga qaraydi, ham taqinchoq yasaydi.

Umoja jamoasining noyob xususiyatlaridan biri shundaki, eng tajribali ayollardan ba’zilari qo‘shni qishloqlardagi ayol-qizlarga erta nikoh va FGM kabi masalalar bo‘yicha ta’lim berib, ularni o‘qitadi.

Nafis marjon taqinchoqlar Samburu madaniyatining muhim atributi hisoblanadi. Qizlar maxsus marosimda otalaridan o‘zlarining ilk marjonlarini oladi. Ota eng katta “jangchi” erkakni tanlab, qizini unga vaqtinchalik nikohga beradi. Homiladorlik man etilgan, biroq kontratseptiv vositalar ham yo‘q. Agar qiz homilador bo‘lib qolsa, uni abortga majburlashadi — buni qishloqdagi boshqa ayollar amalga oshiradi.

“Agar qiz bola erta turmushga chiqsa, u yaxshi ona bo‘lolmaydi. Tug‘uruq paytida muammolarga duch keladi: ko‘p qon yo‘qotadi, chunki ular yosh”, — deydi Umoja yerlarida qurilgan va atrofdagi qishloqlar bolalarini ham qabul qiluvchi akademik maktab rahbari Milka. “Hatto o‘z majburiyatlarini bajarish, uy ishlarini qilish ham ularga og‘irlik qiladi. Yana ularni chorva boqishga yuborishadi”.

Ayollar muhim qarorlar uchun to‘planadigan “nutq daraxti” tagida jurnalist bir nechta ayolning tarixini eshitdi.

“Odatda ayollarga man etilgan narsalarni shu yerda o‘rgandim”, — deydi besh farzandning onasi Nagusi. “O‘zim ishlab pul topishimga ijozat berilgan, sayyohlar munchoqlarimdan birortasini sotib olganda, o‘zimdan juda faxrlanaman”.

U turmush qurganidan bir kun o‘tib, 1998 yilda eridan qochib ketgan. “Otam meni 11 yoshligimda sigirga almashtirgan” — deydi u. — “Erim 57 yoshda edi”.

Maktab bolalari. Qishloqda 200 nafar bola yashaydi

Gapga chechan, o‘ziga ishongan 19 yoshli Judiya turmushga chiqishni istamagani uchun 13 yoshida uydan qochib Umojaga kelgan. “Har kuni uyg‘onganimda tabassum qilaman, chunki atrofimda yordam va qo‘llab-quvvatlov bor”.

“Tashqarida ayollar erkaklarning hukmronligi ostida bo‘lgani uchun ular o‘z huquqlarini himoya qilolmaydi”, — deydi qishloqdagi keksa ayol Seyta Lenjima. “Umoja esa ayollarga erkinlik beradi”.

Qizig‘i shundaki, faqat ayollar yashaydigan qishloqda bolalar ham ko‘p. Qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin? “E-he”, — deb kuladi bir yosh ayol, “Baribir erkaklarni yaxshi ko‘ramiz. Ularga bu yerda yashashga ruxsat yo‘q, lekin biz farzand xohlaymiz. Ayollar, hatto turmushga chiqmagan bo‘lsa ham, bola tug‘ishi kerak”.

Lotuqoy qishloqda uchraydigan yagona erkak. U har kuni tong otmasdan podalarni boqish uchun qishloqqa keladi.

“Bolalar, o‘tin yig‘ish, ovqat pishirish - bu ayollarning ishi, erkaklar esa hayvonlarga qaraydi”, — deydi u ayollar nima uchun uning yordamiga muhtojligini izohlab. “Bu yerda erkaklarni emas, kichkina bolalarni ko‘rasiz. Bu esa ayollar erkaklar ortidan qishloq tashqarisiga chiqishini anglatadi”.

Atrofdagi qishloqlarda Umoja haqida turli gap-so‘zlar yuradi.

 “Bu qishloqda ko‘pchilik erkaklarning uch-to‘rttagacha xotini bor”, — deydi qo‘shni qishloqda yashovchi oqsoqol Semyuel.

“Bu turmushga chiqmagan, yolg‘iz yashovchi ayollar qishlog‘i - ularning ayrimlari zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan, boshqalari esa erta turmushga chiqqan. Ular erkaklarsiz yashayapmiz deb o‘ylashadi, ammo bu imkonsiz”, — dedi boshqa birov.

“Ularning ko‘pchiligi oxir-oqibat bolali bo‘ladi”, — davom etdi Semyuel, “Chunki ular shaharga tushganida, erkaklarni uchratadi va ularning domiga ilinadi. Erkaklar bu yerga tunda kelib, ayollarning kulbalariga kirib ketadi. Keyin hech kim ularni ko‘rmaydi”.

Turkana qabilasidan kelgan Norkorxom bu yerdagi hayotidan mamnun.

Umojadagi yosh ayollardan birining aytishicha, uning besh farzandi bor, ularning har biri turli otalardan. “Bizning madaniyatda turmushga chiqmasdan farzand ko‘rish yaxshi emas. Lekin farzand ko‘rmaslik bundan ham yomon. Bolalarsiz biz hech kimmiz”.

Umoja jamoasi kengaygani sari, ayollarni bu yerga kelishga majbur qilgan xotiralar ham ko‘paymoqda. Ularning aksariyati askarlar tomonidan zo‘rlanishlar bilan bog‘liq. “Islom va Qur’onga ko‘ra, ayol kishi zo‘rlangandan so‘ng pok hisoblanmaydi. Bu adolatdan emas, chunki bu ularning ixtiyorisiz sodir bo‘ladi. Er ularni OIV testiga olib borsa bo‘ladi-ku, shunda ular birga yashashda davom etishi, bolalarini parvarishlab, boqishi mumkin bo‘lardi”, — deydi 33 yoshli Semmi Kaniya.

Seyta jurnalistni o‘zining tutun hidi anqib turadigan kulbasiga taklif qildi. Ichkari deyarli bo‘sh: faqat uxlaydigan bo‘yra, oddiy gulxan va qog‘oz quti bor edi. Quti quritilgan qora loviya bilan to‘la. Seyta bu loviyani bolalarga tushlik uchun pishirishini aytdi.

Seyta Umoja haqida qayerdan eshitganini hikoya qildi: “Avvalgi qishlog‘imda mish-mishlardan ayollar jamoasi haqida eshitib qolganman. Kelganimda ilk daqiqalardanoq xursand edim. Menga echki berishdi, suv berishdi. O‘zimni xavfsiz va himoyalangan his eta boshladim”.

Seyta har kuni ertalab nabirasini maktabga olib boradi, keyin suv va o‘tinga ketadi. Kunning qolgan qismini taqinchoqlar yasashga bag‘ishlaydi. U britaniyalik askarlar tomonidan zo‘rlanganini aytdi. “Bu yerga turmushga chiqmaganim uchun keldim. Britaniyaliklarning menga nisbatan qilmishlaridan keyin, endi hech qachon turmushga chiqa olmas edim”.

Seyta yoshi nechidaligini bilmasligini aytib, shaxsini tasdiqlovchi guvohnomasini ko‘rsatdi. Ko‘pchilik keksa ayollar singari, Seyta ham o‘qish va yozishni bilmaydi. Kartochkada uning tug‘ilgan sanasi - 1928 yil ko‘rsatilgan.

Ayollar dahshatli o‘tmishni boshdan kechirganiga qaramay, bu haqda kulib gapirishadi, bir-birga hazil qiladi.

Yoshi o‘tib, og‘ir mehnatdan bukchayib qolgan, kiyimlari orasidan qovurg‘alari ko‘rinib turadigan Ntipayo qishloqda 15 yildan beri yashaydi. “Bu yerga erim bilan bog‘liq muammolar tufayli kelganman”, — deydi u. “O‘tin terib yurgan kunlarimning birida Britaniya harbiylari meni tutib oldi. Ular uch kishi edi. Meni yerga itarib yiqitishdi. O‘sha kunni har eslaganimda ko‘ksimda og‘riq sezaman”.

24 yoshli Gabreilla o‘tin termoqda.

2003 yilda Umoja qishlog‘idan bir guruh ayollar Leigh Day nomli Britaniya yuridik firmasi vakillari bilan uchrashgan. Bu firma qo‘shni Archers-Post shaharchasida har oy qabul o‘tkazib, Britaniya armiyasi qoldirgan bombalardan zarar ko‘rgan mahalliy aholi bilan ishlardi.

Ayollar 30 yil davomida sodir etilgan zo‘rlash holatlari bo‘yicha ayblovlar kiritdi. Ko‘pchilik o‘tin terayotganda yoki suv tashiyotganda askarlarga duch kelgani va ular tomonidan guruh bo‘lib zo‘rlangani haqida xabar berdi.

Firma hamkori Martin Dey ayollar murojaat qilgan advokatlardan biri edi. Dey va uning jamoasi politsiya va tibbiy hisobotlardan iborat bir qator asl hujjatlarni to‘pladi. Vodiyda aralash irqli bir necha bola bo‘lgan, biroq samburu va oq tanlilar o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo kutilmagan holat edi.

Dey o‘z xulosalarini Qirollik harbiy politsiyasiga (RMP) yetkazdi. “Ammo RMP hatto eng jiddiy holatlarda ham, bu hisobotlarning barchasi soxta, degan xulosaga keldi”, — deydi u. “Ular aralash irqli bolalarning DNK testlarini o‘tkazmadi”.

RMP tergovni tugatgandan so‘ng, Dey hujjatlarni qaytarib berishni so‘ragan, ammo unga qog‘ozlar yo‘qolganini aytishgan. Hujjatlar qaytib topilmadi.

Ish hali yopilmagan, deydi Dey, lekin uni hujjatlarsiz qayta tiklash juda qiyin bo‘ladi. “Biz askarlar tomonidan jabrlangan ayollar va qizlarga tovon puli undirishni xohlagandik. Ularning hayoti tom ma’noda barbod bo‘lgan.

Jyeyn qayta turmush qurishni rejalashtirmayapti. Qo‘llab-quvvatlov va bolalarini maktabda o‘qitish uchun u qishloqda qolmoqchi. “Farzandlarim o‘zi tanlagan inson bilan oila qurishini istayman”, — deydi u.

Ko‘p ayollar Umojadagi hayotidan keyin biror erkak bilan yashashni tasavvur qila olmasligini aytadi. 34 yoshli Meri 16 yoshida bir to‘da sigir evaziga 80 yoshli erkakka sotilganini esladi. “Men bu bir-birini qo‘llab-quvvatlaydigan ayollar jamoasini tark etishni istamayman”, — dedi u.

Meri jurnalistga kechki ovqat uchun pishirmoqchi bo‘lgan bir hovuch loviyani ko‘rsatdi: “Ular ko‘p emas, lekin Umojada menga kerak bo‘lgan hamma narsa bor”.

Mavzuga oid