Jahon | 19:19 / 02.12.2024
1643
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda unumsiz yer maydonlari Antraktida maydonidan oshib ketdi

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, oldinlari yer ekotizimi atmosferaga chiqarilgan karbonat angidrid gazining uchdan bir qismini «yutib yubora olgan», ammo oxirgi o‘n yilning o‘zida ushbu qobiliyat 20 foizga kamaygan.

Foto: Fayez Nureldine/AFP/Getty Images

Potsdam iqlim o‘zgarishini tadqiq etish instituti hisobotiga ko‘ra, dunyoda hosil bermaydigan yerlar maydoni qo‘rqinchli darajaga yetgan. Har yili dunyoda 1 million kilometr kvadrat hudud unumsiz yerga aylanadi. Bugungi kunda bu kabi yerlar maydoni 15 million kilometr kvadratni tashkil etadi — bu Antraktida maydonidan ko‘proq, deb xabar beradi The Guardian.

Institut hisobotida keltirilishicha, yerning degradatsiyaga uchrashi iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va global ekologik inqirozga bevosita bog‘liq. Mualliflarning so‘zlariga ko‘ra, oldinlari yer ekotizimi atmosferaga chiqarilgan karbonat angidrid gazining uchdan bir qismini «yutib yubora olgan», ammo oxirgi o‘n yilning o‘zida ushbu qobiliyat 20 foizga kamaygan.

Tuproq degradatsiyasining asosiy sabablari — o‘rmonlarning kesilishi va beqaror qishloq xo‘jaligi usullaridan foydalanish (xususan, kimyoviy o‘g‘itlar va pestitsidlar ishlatish — bu tuproq eroziyasiga va suvning ifloslanishiga olib keladi).

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, bunday usullardan foydalanish qisqa muddatli istiqbolda iqtisodiy jihatdan foydali ko‘rinsa-da, kelajakda tuproq unumdorligiga ta’sir ko‘rsatib, chang bo‘ronlarini keltirib chiqaradi. Bu esa o‘z navbatida hosildorlikning tushib ketishiga olib keladi.

Ayni vaqtda Janubiy Osiyo, Afrika, Xitoy shimoli va O‘rta Yer dengizida ushbu muammolar kuzatilmoqda. Hozirda insoniyatning uchdan bir qismi qurg‘oqchil hududlarda yashayapti.

Hisobot orqali Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida 200 ta davlat vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan sammit oldidan barqaror yerni boshqarish bo‘yicha global sa’y-harakatlar muhimligini eslatish maqsad qilingan.

Avvalroq 2024 yil tarixdagi eng issiq yil bo‘lishi kutilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Yevropaning Yerni masofadan zondlash xizmati Copernicus hisobotiga ko‘ra, joriy yilning 10 oyida o‘rtacha global harorat 1991-2020 yillardagi ko‘rsatkichdan 0,71 darajaga yuqori bo‘lgan.

Mavzuga oid