O‘zbekiston | 16:39
1965
5 daqiqa o‘qiladi

“Tashqi siyosat konsepsiyasi yopiq bo‘lishi mumkin emas” - Sodiq Safoyev

Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekistonning amaldagi tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi jamoatchilik uchun ochiqligini aytdi. “Qayerdan oldingiz yopiqligini?” dedi u Kun.uz muxbiri bilan suhbatda. Tashqi ishlar vazirligi hujjat yopiqligini rasman tasdiqladi. Konsepsiyaning yangi tahriri ham to‘liq yopiq bo‘lishi mumkin.

2 dekabr kuni Toshkentda fuqarolik jamiyati haftaligi boshlandi. Tadbirlarda Oliy Majlis vakillari ham qatnashmoqda.

Haftalik doirasida jurnalistlarga intervyu bergan Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kun.uz muxbirining tashqi siyosat konsepsiyasi yangilanishi, amaldagi hujjat yopiq qolayotgani haqidagi savoliga javob berdi.

Yopiq emas. Ochiq [manbalar]da bor. Qayerdan oldingiz yopiqligini? Doktrina yopiq bo‘lishi mumkin emas. Konsepsiya ochiq e’lon qilingan, parlamentda muhokama qilingan. Deputatlar uni qabul qilishgan, hammamiz ishtirok etganmiz unda. Jamoatchilik bilan muhokama qilingan.

Lekin hozir vaziyat shiddat bilan o‘zgarib boryapti. Tushunarliki, O‘zbekiston tashqi siyosiy yondashuvlari, qarashlari, tamoyillari ham o‘zgarishi kerak. Shuning uchun hozir mutaxassislar tomonidan, bizda tashqi siyosiy faoliyat kengashi bor, shu yerda bu ish olib borilyapti. Hozirgi zamon muammolariga nisbatan O‘zbekistonning tashqi siyosati qanday o‘zgarishi kerak, degan savolga shu konsepsiya javob beradi.

Keyin, u qonun sifatida qabul qilinib, bizning tashqi siyosiy faoliyatimizning mexanizmlarini, maqsadlarini aniqlashtirib beradi”, – dedi Sodiq Safoyev.

Hujjat rasman yopiq”

Safoyev tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi ochiq manbalarda borligini aytgan bo‘lsa-da, lekin bunday emas.

Lex.uz'da faqatgina eski konsepsiyani ko‘rish mumkin. Bu konsepsiya 2012 yil 14 sentyardan o‘z kuchini yo‘qotgan. Yangisi esa ochiq tarzda portalga joylanmagan.

Adliya vazirligi matbuot kotibi qonun nima uchun Lex.uz'da yo‘qligi borasida izoh bermadi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, amaldagi “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi” 2012 yil 10 sentabrda qabul qilingan va rasman yopiq hujjat. 2018 yilda ushbu hujjatga o‘zgartirishlar kiritilgan.

Hujjat rasman yopiq, shu sababli ochiq manbalarda yo‘q. 2025 yilda yangi tahrirda qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Unda ham ayrim qismlari ochiq bo‘ladi yoki to‘liq yopiq bo‘ladi. Buni maslahat qilyapmiz”, – dedi TIV matbuot kotibi.

Yangi konsepsiyada logistika koridorlarini rivojlantirish ham o‘z aksini topadi”

Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev yuqoridagi intervyu davomida tashqi savdoda shimoliy transport koridorlaridan boshqa yo‘nalishlarga ham o‘tish haqida so‘z yuritdi.

Bizga alternativ yo‘llar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Chunki bizning holatimizda savdo-eksport yuklarining 50 foizgacha narxi transport yuklamalari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu – dunyoda [narxlarning] transportga [shu darajada] bog‘liqligi bo‘yicha yagona mintaqa. Hozirda biz foydalanayotgan eng yaqin dengiz porti 3 ming km uzoqlikda. Janubiy va sharqiy yo‘nalishda yo‘llar barpo etilsa, bu muammo bir necha barobar yengillashadi.

Masalan, hozir portga 20-22 kun vaqt ketsa, transafg‘on yo‘nalishi ochilsa bu 2-3 kunga qisqaradi. Buning evaziga xalqning moddiy farovonligiga ham ta’sir qiladi.

Hozirda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini qurish boshlandi. Ko‘p yillar bunga to‘g‘onoq bo‘lib turgan omillar yechildi. Bunga qarshi bo‘lib turgan kuchlar bilan murosaga yetishilib, axiyri bu amaliy hal bo‘lyapti.

Markaziy Osiyo – Janubiy Kavkaz – Yevropa yo‘lagini barpo etish borasida ham katta ishlar olib borilyapti. Bu borada O‘zbekiston Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan alohida-alohida ittifoqchilikka doir shartnomaga imzo chekdi. Bu Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda muhim geosiyosiy va geoiqtisodiy uchburchak paydo bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu [ittifoqning] birinchi yo‘nalishlaridan biri – transport yo‘laklarini rivojlantirishdan iboratdir.

Xulosa o‘rnida, O‘zbekiston uchun shimoliy ham, janubiy ham, barcha yo‘nalishlar muhim. Bularni rivojlantirish masalasi shubhasiz O‘zbekistonning yangi tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida o‘z aksini topadi”, – dedi Safoyev.

Mavzuga oid