Jahon | 18:14 / 12.12.2024
6196
2 daqiqa o‘qiladi

TIME jurnali Trampni «Yil odami» deb e’lon qildi

AQSh bo‘lajak prezidenti Donald Tramp 2024 yilda dunyoga eng katta ta’sir ko‘rsatgan shaxs sifatida tan olindi.

Foto: TIME

12 dekabr kuni TIME jurnali Donald Trampni «2024 yil odami» deb e’lon qildi.

1927 yildan beri TIME jurnali «yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’i nazar», so‘nggi 12 oy ichida dunyoga eng katta ta’sir ko‘rsatgan shaxs, guruh yoki konsepsiyani tanlab kelmoqda. 2023 yilda bu unvonni xonanda Teylor Svift olgan edi.

Tramp bilan bir qatorda 2024 yilgi nomzodlar ro‘yxatida AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris, Uels malikasi Keyt Middlton, tadbirkor Ilon Mask, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, AQSh Federal zaxira tizimi raisi Jyerom Pauell, podkaster Jo Rogan, Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum, Meta bosh direktori Mark Tsukerberg va boshqalar ham bor edi.

Donald Tramp 2024 yilda Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidenti saylovida nomzod bo‘ldi va katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi. Saylovoldi kampaniyasi davrida unga nisbatan suiqasd uyushtirildi. U 2025 yil yanvar oyida prezidentlik davrining ikkinchi muddatiga kirishadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid