Jahon | 14:03
1909
3 daqiqa o‘qiladi

Vengriya Moskva va Kiyevga sulh tuzishni taklif qildi

Zelenskiy Orbanning Putinga qo‘ng‘irog‘ini tanqid qildi. Vengriya bosh vaziri buni mahbuslar almashinuvi va sulhni rad etish deb hisobladi.

Foto: Yves Herman / Reuters

Vengriya Ukraina va Rossiyaga «o‘t ochishni to‘xtatish»ni o‘rnatish va keng ko‘lamli mahbuslar almashinuvini o‘tkazishni taklif qildi, dedi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 11 dekabr, chorshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarida.

«Prezident Zelenskiy buni aniq rad etgani achinarli, biz qo‘limizdan kelganini qildik», deb yozdi Orban. U Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilgani uchun Orbanni tanqid ostiga olganini shunday izohladi.

Zelenskiy Orbanning Putinga qo‘ng‘irog‘ini tanqid qildi

«Biz hammamiz umid qilamizki, Viktor Orban hech bo‘lmaganda Moskvada Asadga qo‘ng‘iroq qilib, uning bir soatlik ma’ruzalarini tinglamaydi», — deb yozdi Zelenskiy Orban va Putin o‘rtasidagi telefon suhbati haqida xabarlar paydo bo‘lgach.

«Haqiqiy tinchlik va kafolatlangan xavfsizlikka erishish uchun Amerikaning qat’iyati, Yevropa birligi va barcha hamkorlarning BMT Nizomi maqsad va tamoyillariga sodiq bo‘lishi talab etiladi», — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy. Unga ko‘ra, «hech kim o‘zining shaxsiy obro‘sini ko‘tarmasligi kerak», birlik va umumiy muvaffaqiyatga e’tibor qaratishi kerak.

«Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushini Ukrainasiz muhokama qilib bo‘lmaydi», — deb yozgan Zelenskiy va AQShning saylangan prezidenti Donald Trampga, «haqiqiy tinchlik uchun to‘g‘ri va ishonchli yechimlarni topish» ustida ishlagan «Yevropaning ko‘plab yetakchilariga» minnatdorchilik bildirdi.

Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida

Vengriya mamlakatning shimoli-sharqiy qismida, Ukraina bilan chegaraga yaqin hududda havo hujumidan mudofaa tizimlarini o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 20 noyabr kuni mamlakat mudofaa vaziri Kristof Salay-Bobrovnitskiy ma’lum qildi. 

«Biz tinchlikka harbiy yo‘l bilan emas, balki imkon qadar tezroq diplomatiya yo‘li bilan erishilishiga ishonishda davom etamiz», dedi mudofaa idorasi boshlig‘i o‘zining Facebookʼdagi sahifasida Ukrainadagi voqealarni muhokama qilish uchun bosh vazir Viktor Orban tomonidan chaqirilgan Mudofaa kengashi yig‘ilishidan so‘ng e’lon qilingan videoda. 

«Biroq, barcha ssenariylarga tayyorgarlik ko‘rish uchun men shimoli-sharqda yaqinda sotib olingan havo harakatini boshqarish va havo mudofaa tizimlarini o‘rnatishni buyurdim», dedi vazir.

Mavzuga oid