O‘zbekiston eksport geografiyasini yana 33 ta yangi davlatga kengaytirdi
Belgiyadagi Yevropa geosiyosiy forumi (The European Geopolitical Forum) portalida "O‘zbekiston o‘z mahsulotlarini 115 davlatga eksport qilmoqda" sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
"Respublikada "O‘zbekiston-2030" strategiyasida belgilangan maqsadlarga – eksportdagi xususiy sektor ulushini 60 foizga oshirishga qat’iy amal qilgan holda eksport tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlanmoqda",– deb yozilgan maqolada.
Nashrda 2017-2023 yillarda O‘zbekistonning umumiy eksporti 120 milliard AQSh dollarini tashkil etgani xabar qilingan. Birgina 2023 yilda eksport 24 milliard dollarga yetdi, bu 2017 yilga nisbatan 64 foizga o‘sdi.
"Oxirgi olti yilda O‘zbekiston eksport yetkazib berish geografiyasini yana 33 ta yangi davlatni qamrab olgan holda kengaytirib, umumiy tashqi bozorlar sonini 115 taga yetkazdi. Bugungi kunda O‘zbekiston mahsulotlari Peru, Panama, Meksika, Dominikan, Argentina va Albaniya, Serbiya, Finlyandiya, Lyuksemburg va boshqa mamlakatlar bozorlariga birinchi marta kirdi", – deyiladi materialda.
Portalda, shuningdek, so‘nggi yillarda eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimi korxonalarni eksport faoliyatiga jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotgani bildiriladi.
"Masalan, o‘tgan yili 3 mingga yaqin mahalliy korxona eksport faoliyatiga qo‘shildi. Joriy yilning yanvar-oktyabr oylari davomida 2 ming 450 ta korxona ilk bor tashqi bozorga chiqib, jami 1 milliard dollarlik mahsulot eksport qildi", – deya qayd etilgan.
The European Geopolitical Forum portalida joylashtirilgan maqola: "Umuman olganda, O‘zbekistonda eksportni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan joriy islohotlar 2030 yilgacha bo‘lgan milliy strategiyada belgilangan maqsadlarga erishishga ishonch bilan yo‘l ochmoqda", – degan so‘zlar bilan yakunlangan.
Mavzuga oid
18:11 / 12.12.2024
Mato ishlab chiqarish va bo‘yash korxonalari qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi
22:37 / 09.12.2024
O‘zbekiston YeIga bojsiz eksport imtiyozlarini yana 10 yilga uzaytirishni taklif qildi
15:36 / 07.12.2024
2017-2023 yillarda O‘zbekistonning umumiy eksporti 120 mlrd dollarni tashkil etdi
15:33 / 29.11.2024