16 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Ishdan olingan qariyb 300 rahbar, oshirilayotgan benzin ta’minoti, Qo‘qonda tepa qavatdan yiqilgan talaba qiz va yengil jazo olgan haydovchining hukmiga protest — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Iqtisodiy kompleksda qariyb 300 nafar rahbar ishdan olindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish ishlari va 2025 yil uchun vazifalar muhokama qilindi. Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvondagi ijobiy natijalar ta’kidlandi: 3,3 mln aholi doimiy daromadga ega bo‘ldi, xonadonlarning o‘rtacha daromadi 7,5 million so‘mdan 10,5 million so‘mgacha oshdi.
Ammo ayrim rahbarlarning sustkashligi tanqid qilinib, iqtisodiy kompleksda 297 nafar rahbar ishdan olindi. Ularning o‘rniga tashabbuskor yoshlar tayinlandi. Prezident «Odamlar muammosini hal qilmagan rahbar ishlamaydi», deb ta’kidladi yig‘ilishda.
2025 yilda 5 mln aholini daromadli qilish, 1,5 mln kishini kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirildi. Hududlar rahbarlari yangi yondashuvlarni joriy qilishi va tadbirkorlikni rivojlantirishi lozim. Prezident bu borada 2025 yilni hal qiluvchi yil deb atadi.
Benzin ta’minoti oshirilmoqda
Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sovuq ob-havo tufayli ayrim gaz zapravkalari faoliyati cheklangani sababli birja savdolaridagi avtobenzin hajmi sezilarli ravishda oshirildi.
2024 yil 6 dekabrgacha AI-80 benzinidan birjaga kuniga 2000 tonna chiqarilgan bo‘lsa, 10 dekabrdan boshlab bu miqdor to‘rt baravar ko‘payib, 8000 tonnaga yetkazildi. Shuningdek, AI-92 benzini ham kunlik 4000 tonnadan savdoga qo‘yilmoqda.
13 dekabr kuni 8000 tonna AI-80 benzini savdoga qo‘yilgan bo‘lib, uning 7780 tonnasi sotilgan. Hukumat talab va taklifga qarab benzin hajmini yana oshirish imkoniyati borligini ta’kidlamoqda.
Ushbu choralar mamlakatdagi yoqilg‘i ta’minotini yaxshilash va ehtiyojni qondirishga qaratilgan.
2030 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 200 milliard dollarga yetishi kutilmoqda
Hindistonning Business Central Asia jurnalida ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti ikki baravar o‘sib, 100 mlrd dollarlik marradan oshgan.
2024 yilda aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga, eksport hajmi esa 25 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda. Oltin-valuta zaxiralari 40 mlrd dollardan oshgan.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida iqtisodiyot hajmini 160 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilingan bo‘lsa-da, sur’atlar yuqori bo‘lgani sababli bu ko‘rsatkich 2030 yilga 200 mlrd dollarga yetishi mumkin, deyiladi jurnal maqolasida.
Mazkur o‘sish aholi farovonligini oshirish va turmush sifatini yaxshilashga asos bo‘lishi aytilmoqda.
Yagona tizimga birlashtiriladigan kommunal xizmatlar
Yaqin ikki yil ichida barcha kommunal xizmatlar yagona paketga birlashtirilib, bitta sub’yekt tomonidan taqdim etilishi kutilmoqda. Bu haqda «Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirov ma’lum qildi.
Qodirovning ta’kidlashicha, chiqindi va elektr energiyasi to‘lovlari bir tizimga ulangan bo‘lib, yaqin orada gaz va suv to‘lovlari ham shu tartibga o‘tadi. Qarzdorliklar umumiy qilib hisoblanadi va sifatsiz xizmatlar uchun jazo choralari keskinlashtiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha debitor qarzdorlik 596 mlrd so‘mni tashkil etib, yil boshidan 115 mlrd so‘mga ko‘paygan. Tartibsiz tizimga investorlarni jalb etish qiyin bo‘lgani uchun, yagona samarali tizim yaratish maqsad qilingan.
Qo‘qonda talaba qiz 3-qavatdan yiqildi
Qo‘qon davlat pedagogika instituti talabasi 12 dekabr kuni talabalar turar joyining 3-qavatidan tushib ketgan. Voqeaga institutning jismoniy madaniyat fakulteti 2-kurs talabasi dugonalari bilan o‘zaro kelishmovchiligi sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Biroq vazirlik manbasiga ko‘ra, talaba qizning ushbu harakati oiladagi kelishmovchiliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Hodisadan so‘ng, jabrlanuvchi zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan va jonlantirish bo‘limiga joylashtirilgan.
Ayni paytda, Qo‘qon shahar prokuraturasi holat yuzasidan tekshiruv ishlarini olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, bu talabalar turar joyi ilgari ham qizlarning xonalariga yashirin kamera o‘rnatilishi orqali jamoatchilik e’tiboriga tushgan va ushbu ish bo‘yicha mas’ul xodimlar jarimaga tortilgan edi.
Haydovchiga yengil jazo qayta ko‘riladi
Yangiyo‘lda yo‘l-transport hodisasi sodir etib, 5 nafar bolani bosib ketgan va ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi Rustamjon Mirzahatamovga nisbatan yengil jazo tayinlangani tanqid qilindi.
Sud tomonidan unga axloq tuzatish jazosi qo‘llangan. Toshkent viloyat prokuraturasi Jinoyat kodeksining 266-modda 3-qismi «a» bandi asosida uning jazosini kuchaytirishni talab qilib, kassatsiya protestini kiritdi. Bu moddada 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Kun.uz avvalroq ushbu hukmga tanqidiy munosabat bildirib, Yangiyo‘l sudining adolatsiz qarorlari haqida xabar bergandi. Shuningdek, o‘sha sudda o‘lim bilan tugagan yana bir avtoavariya ishida aybdor haydovchiga 2 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi. Har ikki ishga sudya Ulug‘bek Ibragimov raislik qilgan.
Prokuratura bu qarorlarni qayta ko‘rib chiqishga harakat qilmoqda.
Mavzuga oid
21:28 / 13.12.2024
13 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:31 / 12.12.2024
12 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:52 / 11.12.2024
11 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:29 / 10.12.2024