Jahon | 21:27 / 16.12.2024
2211
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya parlamenti Olaf Sholsga ishonchsizlik votumi e’lon qildi

Endi Olaf Shols Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerga parlamentni tarqatib yuborishni taklif qilishi kerak.

Foto: Reuters

Germaniya parlamenti (Bundestag) deputatlarining aksariyati takroriy ovoz berish jarayonida kansler Olaf Sholsga ishonchsizlik votumi haqidagi qarorni yoqladi. Bu haqda Deutche Welle xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 394 nafar deputat Sholsga ishonchsizlik bildirdi, 207 nafar deputat kanslerni qo‘llab-quvvatladi, 116 nafari betaraf qoldi.

Endi Olaf Shols Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerga parlamentni tarqatib yuborishni taklif qilishi kerak. Bu qarorni qabul qilish uchun Germaniya prezidentiga 21 kun vaqt beriladi. Shu bilan birga, amaldagi hukumat 2025 yil 23 fevralda o‘tkazilishi kutilayotgan muddatidan oldin saylovlarga qadar o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Noyabr oyida «Sotsial-demokratik partiya» (SDPG), «Yashillar» va «Erkin Demokratik partiya» (FDP) vakillaridan iborat hukmron koalitsiya parchalanganidan keyin Bundestagning bu qarori kutilgan edi.

11 dekabr kuni Shols hukumatga ishonch votumi so‘ralgan maktubni yo‘lladi, chunki u parlamentdagi ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlashidan mahrum bo‘lgan edi.

ZDF tadqiqotiga ko‘ra, hozir Germaniya kansleri lavozimiga eng ma’qul nomzod Xristian Demokratik Ittifoqi (SDU) partiyasi rahbari Fridrix Mers hisoblanadi. Uni Germaniya fuqarolarining 40 foizi, Sholsni esa atigi 31 foizi qo‘llab-quvvatlamoqda.

Mavzuga oid