Isroil Lazqiya va Tartusdagi harbiy nishonlarga hujum qildi
Isroil armiyasi Suriyada qirg‘oq bo‘yidagi Lazqiya va Tartus shaharlari yaqinidagi obektlarga hujum qildi. Mahalliy aholi kuchli portlashlar haqida ma’lumot berdi.
Isroil Mudofaa armiyasi (TSAHAL) Suriyada hokimiyat almashganidan keyin ham Suriyadagi nishonlarga hujum qilishda davom etmoqda. Bu haqda dpa agentligi Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari kuzatuv kengashi (SOHR)ga tayanib xabar bermoqda.
Kengash ma’lumotlariga ko‘ra, 16 dekabr, dushanbaga o‘tar kechasi Isroil O‘rta Yer dengizi sohilidagi Lazqiya (Lataqiya) va Tartus shaharlari yaqinida joylashgan nishonlarga hujum qilgan. Zarbalar so‘nggi o‘n yildagi eng kuchlisi sifatida tasvirlangan. Suriya armiyasining tartuslik sobiq zobiti dpa'ga aytishicha, harbiy obektlarning bombardimon qilinishi «tunni kunga aylantirgan» va portlash ovozi deyarli o‘n kilometr uzoqlikda eshitilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qolgan «radar tizimlari va batalionlar»ga hujumlar yaqin kunlarda ham davom etadi.
Qatarning Al Jazeera nashri Isroilning zarbalari Bashar Asad rejimi qulagandan keyin «mamlakatning harbiy salohiyatini izdan chiqarish» uchun Suriya havo hujumidan mudofaa tizimlari va o‘q-dorilar omborlariga qarshi qaratilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi. Jurnalistlar nomi oshkor etilmagan ekspertlarga tayanib, «kimyoviy qurol ishlab chiqaruvchi zavod» ham zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkinligini yozmoqda. Bundan tashqari, Al Jazeera 16 dekabrga o‘tar kechasi Damashq va uning chekkasidagi obektlarga hujum uyushtirilganini qo‘shimcha qildi.
Xabar e’lon qilingan vaqtda Isroil Mudofaa armiyasi Suriya hududiga berilgan so‘nggi zarbalar haqidagi xabarlarga izoh taqdim etmadi.
Mavzuga oid
16:06
YeI Suriyaning yangi rahbariyati bilan aloqaga chiqdi
19:00 / 16.12.2024
Bashar Asad Suriyadan qochganidan buyon ilk bor bayonot berdi
14:55 / 16.12.2024
FT: Suriya hukumati 2018-2019 yillarda Moskvaga ikki tonna naqd pul yuborgan
14:52 / 16.12.2024