O‘zbekiston | 21:10 / 18.12.2024
1994
6 daqiqa o‘qiladi

18 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Farg‘onadagi portlash qurbonlari, noqonuniy to‘siqlar uchun javobgarlik, 2025 yil budjetini ma’qullagan Senat va keyingi 3 yil uchun AQSh dollari kursi prognozlari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Farg‘onadagi portlash qurbonlari soni oshdi

Farg‘ona shahridagi gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlashda halok bo‘lganlar soni oshib, 4 nafarga yetdi. Qurbonlar orasida bolalar ham bor.

Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, 17 dekabr kuni, soat 13:45 larda Yangiyo‘l mahallasidagi «Petrolium» propan gaz quyish shoxobchasida 5 m³ sig‘imli konteynerga suyultirilgan gaz quyish paytida yoriq paydo bo‘lib, gaz sizishi oqibatida portlash va yong‘in sodir bo‘lgan. Dastlab 1 kishi voqea joyida halok bo‘lgan. Keyinchalik shifoxonaga yotqizilgan 3 kishi tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan.

Farg‘ona viloyat IIB Jinoyat kodeksining 257-moddasi — Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish va 259-moddasi — Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. 5 kishi qamoqqa olingan, tergov harakatlari davom etmoqda.

Aniqlanishicha, mahalliy aholi ilgari shoxobcha qurilishiga norozilik bildirgan, shahar ichida bunday obektlar xavfli ekanini ta’kidlagan. Ammo mas’ullar bu e’tirozlarga e’tibor qaratmagan.

Xotinning xiyonati qotillikka yetakladi

Navoiy viloyati Karmana tumanida 33 yoshli erkak o‘ldirilib, Zarafshon daryosiga tashlab yuborildi. Erkakning rafiqasi hamda xushtori qotillikda gumonlanib, qamoqqa olindi.

1991 yilda tug‘ilgan marhum shohbekatda yo‘lovchilarni mindiruvchi bo‘lib ishlagan. 29 noyabrdan 30 noyabrga o‘tar kechasi ishdan uyiga qaytib kelganida, turmush o‘rtog‘ini boshqa erkak bilan ko‘rib qolgan. Janjal chog‘ida rafiqasi va uning tanishi erni ip bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Ayol ertasiga turmush o‘rtog‘ini yo‘qolib qoldi, deb ichki ishlarga xabar bergan. Qo‘shnilarning ko‘rsatmalari asosida gumonlanuvchilar qo‘lga olinib, qotillikni tan olishgan. Ular marhumning jasadini daryoga tashlab yuborishganini ma’lum qilishgan.

Huquqni muhofaza qilish organlari va FVB xodimlari jasadni izlashda davom etmoqda. Ammo 20 kundan beri jasad topilmadi. Marhumning yaqinlari qotillar tegishli jazosini olishi kerak, deb hisoblashmoqda.

Noqonuniy to‘siqlar uchun javobgarlik

Parlamentda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Yangi qonun yo‘llarda noqonuniy to‘siqlar va boshqa harakatga xalaqit beruvchi qurilmalarni o‘rnatganlik uchun javobgarlik choralarini nazarda tutadi.

Loyihada trotuarlar, piyoda va velosiped yo‘lkalari, ularga tutash hududlarda avtotransport vositalarining harakatlanishini cheklashga oid qoidalar belgilanmoqda. Shuningdek, aholi tomonidan yo‘l harakati ishtirokchilariga to‘sqinlik qiluvchi to‘siqlarni o‘rnatish holatlarining oldini olish uchun yangi tartiblar joriy etilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra:

Mazkur qonun yo‘l harakati xavfsizligini yanada yaxshilash va yo‘llarda tartibni ta’minlashga qaratilgani aytilmoqda.

Senat 2025 yil budjetini ma’qulladi

O‘zbekiston Senatida «2025 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilinib, ma’qullandi. Qonunga ko‘ra, davlat budjeti daromadlari 431 trln so‘m, xarajatlari esa 480,5 trln so‘m miqdorida shakllantirilib, taqchillik yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizni tashkil etadi.

Budjetning ijtimoiy yo‘nalishi saqlab qolingan bo‘lib, 2025 yilda xarajatlarning 52 foizi yoki 177,7 trln so‘m ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladi. Shu jumladan, sog‘liqni saqlash uchun 41,3 trln so‘m ajratilib, bu 2024 yildagi xarajatlarga nisbatan 19,8 foizga ko‘pdir.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish uchun 3,6 trln so‘m ajratish rejalashtirilgan. Shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 66,4 trln so‘m, xarajatlari esa 62,8 trln so‘m etib belgilandi.

Inflatsiya darajasi 2025 yilda 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Muhokama yakunida senatorlar mazkur qonunni tasdiqlashga ovoz berishdi.

Keyingi 3 yilda dollar kursi qancha bo‘ladi?

O‘zbekiston va xalqaro tashkilotlar dollarning so‘mga nisbatan kursi bo‘yicha o‘z taxminlarini taqdim etdi.

O‘zbekiston hukumati 2027 yilgacha dollarning o‘rtacha yillik qiymatini quyidagicha prognoz qilmoqda:

  • 2025 yil: 13 ming 250 so‘m,
  • 2026 yil: 13 ming 725 so‘m,
  • 2027 yil: 14 ming 150 so‘m.

S&P xalqaro reyting agentligi prognoziga ko‘ra:

  • 2025 yil oxirida – 13 ming 650 so‘m,
  • 2026 yil oxirida – 14 ming 300 so‘m,
  • 2027 yil oxirida – 15 ming 000 so‘m.

Bugungi kunda 1 AQSh dollari 12 ming 874 so‘m etib belgilangan bo‘lib, yil boshidan beri so‘m dollarga nisbatan 4,4 foizga qadrsizlangan.

Mutaxassislarga ko‘ra, dollar kursini aniq prognoz qilish murakkab, chunki bu iqtisodiy o‘sish, inflatsiya darajasi va tashqi savdo balansi kabi bir qancha omillarga bog‘liq.

Mavzuga oid