Jahon | 08:54
2421
3 daqiqa o‘qiladi

NATO AQShni Ukrainaga harbiy yordam koordinatori rolida almashtirdi

G‘arbning Ukrainaga harbiy yordami endi Donald Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng ushbu mexanizmni himoya qilish uchun NATO tomonidan muvofiqlashtiriladi. Shimoliy Atlantika alyansi yangi missiyasining bosh qarorgohi Germaniyada joylashgan.

Foto: AP / Virginia Mayo

Shimoliy Atlantika alyansi AQSh o‘rniga G‘arbning Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishini muvofiqlashtirishni o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda 17 dekabr, seshanba kuni manbalarga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi. Ularga ko‘ra, NATO shu yo‘l bilan AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Oq uyga qaytganidan keyin Kiyevni qo‘llab-quvvatlash mexanizmini himoya qilmoqchi.

Ilgari Kiyevga harbiy yordamni Vashington boshchiligidagi Ramshtayn guruhi muvofiqlashtirgan, u Germaniyadagi xuddi shu nomdagi AQSh havo kuchlari bazasida yig‘ilgan. Endi, Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyaning Visbaden shahridagi Amerika harbiy bazasida joylashgan NATOning Ukraina uchun xavfsizlik va ta’lim (NSATU) alyansining yangi missiyasi allaqachon buni amalga oshirishga kirishgan.

Agentlikning ta’kidlashicha, vakolatlarning NATOga o‘tkazilishi cheklangan samara berishi mumkin, chunki Tramp prezidentlikka kelganida Amerikaning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordamini kamaytirishi ehtimoli bor. Shu paytgacha Qo‘shma Shtatlar ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilgan: Kildagi Jahon iqtisodiyoti instituti (ifw) hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yil yanvaridan 2024 yil yanvarigacha Vashington Kiyevga 42,2 milliard yevro ajratgan. Yordam hajmi bo‘yicha Germaniya 17,1 milliard bilan ikkinchi o‘rinda edi.

Tramp: Ukrainadagi sulhni yevropaliklar nazorat qilib boradi

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Yevropa davlatlariga o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish uchun Ukraina hududiga o‘z qo‘shinlarini joylashtirishni taklif qildi. Bu haqda 12 dekabr kuni manbalarga tayanib, The Wall Street Journal nashri xabar berdi.

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, bu tashabbus Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan 7 dekabr kuni Parijda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilingan. Tramp Zelenskiy va Makronga Ukrainaning NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlamasligini, ammo urushdan keyin Ukraina «kuchli va yaxshi qurollangan bo‘lishini» xohlashini aytdi.

Yevropa Ukrainani himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashda asosiy rol o‘ynashi kerak, dedi Tramp. Amerika harbiylari, uning rejasiga ko‘ra, bu missiyada bevosita ishtirok etmaydi, ammo siyosatchi AQShning Yevropa kontingentini qandaydir tarzda qo‘llab-quvvatlashini istisno etmadi.

Mavzuga oid