Jahon | 16:22 / 01.01.2025
6239
2 daqiqa o‘qiladi

«Gazprom» Ukraina orqali Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi

Rossiya va Ukraina kompaniyalari o‘rtasidagi gaz ta’minoti bo‘yicha kelishuvlar muddati nihoyasiga yetdi.

Foto: Roman Pilipey / EPA / TASS

Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi Ukraina orqali Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatganini e’lon qildi.

«2025 yil 1 yanvar kuni 2019 yil 30 dekabrda imzolangan quyidagi hujjatlarning amal qilish muddati tugadi: «Gazprom» va Ukrainaning «Naftogaz» kompaniyasi o‘rtasida Rossiya gazini Ukraina hududi orqali tashishni tashkil etish bo‘yicha kelishuv va «Gazprom» bilan «Operator gazotransportnoy sistemy Ukrainy» kompaniyasi o‘rtasidagi shartnoma», deyiladi kompaniya xabarida.

Ukraina hukumati tomonidan 2023 yil oxirida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya gazining mamlakat bo‘ylab quvurlar orqali Yevropaga yetkazilayotgan hajmi 2022 yilga nisbatan 28 foizga kamayib, 15 milliard kub metrni tashkil qilgan.

Ukraina bu shartnomadan yiliga taxminan 1 milliard dollar, «Gazprom» esa yiliga 3 milliard dollardan ortiq daromad olayotgan edi.

Rossiya gazini Yevropaga yetkazadigan asosiy quvurlar – «Shimoliy oqim-1», «Shimoliy oqim-2» va «Yamal-Yevropa» hozir ishlamayapti, Ukraina orqali yetkazib berish to‘xtatilsa, yagona yo‘nalish Turkiya bo‘ladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid