O‘zbekiston | 14:34 / 18.01.2025
5942
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada qalbaki alkogoldan vafot etgan o‘zbekistonliklar soni 17 kishiga yetdi

Hozirda Istanbul shifoxonalarining jonlantirish bo‘limlarida spirtli ichimlikdan zaharlangan besh kishi davolanmoqda. Ba’zi O‘zbekiston fuqarolari zaharlangan bo‘lsa-da, uy sharoitida davolanishga harakat qilib, shifoxonaga bormagan holatlar ham aniqlangan.

Foto: Anadolu Agency

Turkiya hududida qalbaki spirtli ichimlik iste’mol qilish oqibatida yana uch nafar O‘zbekiston fuqarosi (barchasi erkak) vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar berdi.

Joriy yil 18 yanvar holatiga ko‘ra, spirtli ichimlikdan zaharlanish sababli vafot etgan o‘zbekistonliklar soni 17 nafarga yetgan.

Bosh konsulxona tomonidan qalbaki spirtli mahsulotlarni iste’mol qilish natijasida vafot etgan vatandoshlarning jasadlarini O‘zbekistonga yuborish uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilmoqda hamda oila a’zolariga kerakli yordam ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, Istanbul hududidagi shifoxonalarning jonlantirish bo‘limlarida qalbaki spirtli ichimlikdan zaharlanib davolanayotgan fuqarolar soni besh nafarga yetgan. Qayd etilishicha, konsulxona xodimlari ushbu vatandoshlarning holidan xabar olib, ularning yaqinlari va shifoxona ma’muriyati bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.

«Bosh konsulxona diplomatlari mazkur holat yuzasidan Istanbul hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, sud-tibbiy ekspertiza markazi hamda huquqni muhofaza qilish organlari bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ba’zi vatandoshlar zaharlangan bo‘lsa-da, uy sharoitida davolanishga harakat qilib, shifoxonaga bormagan holatlar ham aniqlangan. Ularga murojaat qilinganda, shifoxonaga borish moddiy jihatdan qimmatga tushishi mumkinligini aytgan. «Biroq keyinchalik bunday qarorlar buyrak faoliyatining ishdan chiqishi, ko‘rish qobiliyatining yomonlashishi va nafas olishda muammolar yuzaga kelishiga olib kelmoqda», — deya qayd etiladi xabarda.

Bosh konsulxona har qanday holatda ham zaharlanish alomatlari sezilganda 112 qisqa raqami orqali tez tibbiy yordam chaqirtirilishi hamda shifoxonaning «qizil hududi» («kirmizi alan») orqali qabul qilinishi lozimligini, bu xizmat bepul ekanini eslatib o‘tdi.

O‘zbekiston fuqarolari bilan uzluksiz aloqani ta’minlash maqsadida konsulxonaning quyidagi mobil aloqa raqami +90 553 541 17 17 (24/7 rejimida) ishlamoqda.

Avvalroq Turkiyada spirtli ichimlikdan vafot etgan o‘zbekistonliklar soni 10 nafarga yetgani hamda holatga aloqador Turkmaniston fuqarolari qo‘lga olingani xabar qilingandi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid