Jahon | 15:50 / 23.01.2025
5579
3 daqiqa o‘qiladi

Ravshan Askerov Rossiyada «terrorchilar va ekstremistlar» ro‘yxatiga kiritildi

Rosfinmonitoring Leonid Gozman va Ravshan Askerovning qora ro‘yxatga kiritilishi sabablarini ochiqlamadi. Gozman Rossiya armiyasi haqidagi «feyklar» uchun sirtdan qamoq jazosiga hukm qilingan, Askerov urushga qarshi qarashlari bilan tanilgan.

Ravshan Askerov Foto: Yevgeniy Odinokov/RIA Novosti

Rosfinmonitoring siyosatchi Leonid Gozman va «Nima? Qayerda? Qachon?» o‘yinining sobiq ishtirokchisi Ravshan Askerovni «terrorchilar va ekstremistlar» ro‘yxatiga kiritdi. Ularning ism-shariflari yonida yulduzcha bor, bu ularga nisbatan «terrorizm» moddalari bilan jinoyat ishi ochilganini bildiradi. Departament bu qarorning sababini ochiqlamadi. Gozman va Askerovning Rossiyadagi barcha bank hisoblari muzlatiladi.

Leonid Gozman Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin Rossiyani tark etdi, lekin keyin qaytib keldi va bu «axloqiy tanlov» ekanligini tushuntirdi. Rossiya rasmiylari Gozmanni «chet el agenti» deb e’lon qildi, unga va uning rafiqasiga ikki fuqarolik haqida xabar bermagani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atdi, so‘ngra ularni ijtimoiy tarmoqlardagi postlari uchun ikki marta ma’muriy qamoqqa oldi.

Shundan so‘ng Gozman Rossiyani tark etdi va Rossiya hukumati tomonidan qidiruvga berilgan. 2024 yil iyul oyida Gozman Rossiya armiyasi haqida «feyk» xabar tarqatishda ayblanib, sirtdan 8,5 yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qilindi, biroq bu modda «ekstremizm» yoki «terrorizm»ga taalluqli emas.

Askerovning urushga qarshi bayonotlari

«Nima? Qayerda? Qachon?»ning sobiq o‘yinchisi Ravshan Askerov urushga qarshi bayonotlari bilan tanilgan. 2022 yilda unga nisbatan Ikkinchi jahon urushi davrida sovet qo‘mondonligi va shaxsan marshal Jukov nomiga qilingan tanqidiy bayonotlar tufayli «natsizmni reabilitatsiya qilish» moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Moskvaning Basmanniy sudi uni sirtdan hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi. Askerov Rossiya Adliya vazirligi tomonidan «chet el agentlari» ro‘yxatiga kiritilgan. U «chet el agenti»ning ishlash qoidalariga rioya qilmagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

2011 yildan beri nashr etilayotgan Rosfinmonitoring reyestriga «ekstremistik» va «terrorchilik» faoliyatida ayblanganlar kiradi. Ushbu ro‘yxatga kiritish barcha hisoblar muzlatilishini va mulkni tasarruf etishda cheklovlar bo‘lishini anglatadi. 2024 yil oxiriga kelib, Rosfinmonitoring ro‘yxatiga 600 dan ortiq tashkilot va 16 mingdan ortiq kishi kiritilgan. "Verstka" hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilda «terrorchilar va ekstremistlar» ro‘yxatiga rekord darajadagi fuqarolar qo‘shilgan – 3152 kishi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid