Vashingtonda yo‘lovchi samolyot harbiy vertolyot bilan to‘qnashdi. Asosiy ma’lumotlar
American Airlines samolyoti daryoga qulagan, uning bortida 60 dan ortiq kishi bo‘lgan. Tramp Vashingtondagi aviahalokatda hech kim omon qolmaganini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr
American Airlines aviakompaniyasi yo‘lovchi samolyoti hamda AQSh armiyasining Black Hawk vertolyoti havodagi to‘qnashuvdan keyin Potomak daryosiga quladi. To‘qnashuv 30 yanvarga o‘tar kechasi Vashingtondagi Ronald Reygan nomidagi aeroport yaqinida ro‘y bergan. Kanzas shtatining Uichito shahridan CRJ700 reysini amalga oshirgan samolyot mahalliy vaqt bilan 21:47 da (Toshkent vaqti bilan 30 yanvar kuni soat 7:47 da), aeroport hududiga kirayotganida armiya vertolyoti bilan to‘qnashgan, deb xabar bergan AQSh fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi. Vashingtondagi Kennedi markaziga o‘rnatilgan videokamera to‘qnashuvni tasvirga olgan, kadrda Potomak ustida portlash ro‘y bergani ko‘ringan. The Washington Post gazetasi yozishicha, to‘qnashuv paytida aeroport hududida havo ochiq edi.
Samolyot bortida 64 kishi bo‘lgan: 60 yo‘lovchi va ekipajning to‘rt nafar a’zosi, deb xabar qilgan American Airlines aviakompaniyasidagilar. AQSh armiyasi esa vertolyot bortida uch nafar askar bo‘lganini bildirgan. Aviahalokatda bazasi Virjiniya shtatida bo‘lgan UH-60 Black Hawk rusumli vertolyot ishtirok etgani qo‘shimcha qilingan. Associated Press xabariga ko‘ra, armiya vertolyoti sinov parvozini amalga oshirayotgandi. Ijtimoiy tarmoqda halokatdan keyin olingan fotosuratlar paydo bo‘ldi, kadrlarda samolyot qoldiqlarini ko‘rish mumkin.
Politsiya suvdan «ko‘plab jasadlar»ni chiqarib olgan, hozircha omon qolganlar topilmagan, deb xabar bergan The Washington Post manbaga asoslanib. CBS News manbasiga ko‘ra, daryodan 18 kishining jasadi olib chiqilgan. Texasdan saylangan senator Ted Kruz «qurbonlar borligi»ni aytgan, ammo ularning soniga aniqlik kiritmagan. Qidiruv-qutqaruv amaliyotida o‘nlab politsiyachilar, tez yordam va favqulodda xizmatlar xodimlari ishtirok etmoqda, ular qayiqlarda Potomak bo‘ylab harakatlanib, samolyot va vertolyotning omon qolgan yo‘lovchilarini qidirmoqda. Potomak — eni yuz metr, chuqurligi bir necha metrga yetuvchi, to‘lib oqadigan daryo. Vashington aeroporti 31 yanvar tongiga qadar yopilgan.
CNN telekanali aeroportdagi dispetcherlar va vertolyot ekipaji so‘zlashuvi rasshifrovkasini e’lon qildi. Telekanal LiveATC.net saytidan olgan audioda dispetcher vertolyot ekipajiga shunday deydi: «PAT 2-5, siz CRJ [samolyoti]ni ko‘ryapsizmi?». Keyin dispetcher aytadi: «PAT 2-5 CRJ ortidan yuring». Keyin esa audioyozuvda chuqur xo‘rsinish va qattiq baqirish ovozi eshitiladi, bu katta ehtimol bilan to‘qnashuv vaqtidagi ovozlar bo‘lgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp Reygan nomidagi aeroportda ro‘y bergan «dahshatli avariya haqida to‘la xabardor qilingani»ni aytgan. «Xudo ularning ruhlarini shod qilsin. Qutqaruvchilarimizga qilayotgan ishlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Men vaziyatni kuzatib boryapman va kelgan tafsilotlarni berib boraman», — degan Tramp.
Tramp aviahalokatning oldini olish mumkin edi, deb hisoblamoqda. AQSh prezidenti o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida samolyot aeroportga qo‘nish uchun «ideal» holatda yaqinlashgani, vertolyot esa uzoq vaqt davomida to‘g‘ri yo‘lovchi laynerga qarab uchgani haqida yozgan. «Tunda havo ochiq edi, samolyotda chiroqlar yonib turgandi, vertolyot nima uchun yuqoriga ko‘tarilmagan, pastlamagan, burilmagan. Nima uchun dispetcherlar minorasi vertolyotga samolyotni ko‘ryapsanmi deyish o‘rniga unga nima qilishni aytmagan? Bu yomon holat, buning oldini olish kerak edi», — deydi Tramp.
Tramp Vashingtondagi aviahalokatda hech kim omon qolmaganini ma’lum qildi. AQSh prezidenti kun oxirida Oq uydagi brifingda chiqish qilib, Vashingtonda American Airline samolyoti va Black Hawk vertolyoti halokatidan hech kim omon qolmaganini ma’lum qildi. U butun tun davomida keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv amaliyoti o‘tkazilgani, unga barcha mavjud resurslar jalb etilganini bildirgan. «Bu mamlakatimiz poytaxtida va xalqimiz tarixida dahshatli fojia bo‘lgan qorong‘i va og‘riqli kecha edi. Bizni bevaqt tark etgan har bir kishi uchun qayg‘uramiz», — degan Tramp.
Aviahalokat 14 figurachi hayotiga zomin bo‘ldi, ulardan olti nafari Skating Club of Boston sport klubiga aloqador bo‘lgan, deb xabar berdi klub direktori Dag Zegiba. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar orasida — klub murabbiylari, rossiyalik jahon chempionlari Vadim Naumov va Yevgeniya Shishkova bo‘lgan. Bortda Skating Club of Boston a’zolari bo‘lgan yana ikki figurachi — 16 yoshli Spenser Leyn va Jinna Han, shuningdek, ularning onalari bor edi.
AQShda yo‘lovchi samolyotlar bilan bog‘liq so‘nggi yirik halokat 10 yil oldin ro‘y bergandi. 2013 yil 6 yanvarida San-Fransiskoda Asiana Airlines aviakompaniyasi samolyoti favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan, uch kishi halok bo‘lib, 187 kishi yaralangandi. Ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lgan so‘nggi yirik aviahalokat esa 2009 yil 12 fevralda ro‘y bergan: o‘shanda Colgan Air kompaniyasi samolyoti Nyu Yorkda qulab, uning bortidagi 49 kishining barchasi va yerdagi bir kishi halok bo‘lgan.
Tavsiya etamiz
Samarqand shahriga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi
O‘zbekiston | 21:35 / 30.03.2025
Dunyo bo‘ylab Ramazon hayiti qanday kutib olindi – fotolar
Jahon | 20:30 / 30.03.2025
AQSh «Tolibon» bilan aloqa o‘rnatyaptimi?
Jahon | 16:25 / 30.03.2025
Germaniyadagi shaharcha gazetada e’lon berib, yangi hokim axtarmoqda
Jahon | 07:57 / 30.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Yevropaning oltita davlati «Rossiyaga bosim o‘tkazishni» davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi
Jahon | 01:11
-
Britaniyaliklar to‘liq ofisga qaytishdan ko‘ra ishdan bo‘shashni afzal ko‘rmoqda - tadqiqot
Jamiyat | 00:46
-
Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston | 00:20
-
Dunyodagi eng yashil shaharlardan biri ekologik maqsadlariga erisha olmagani uchun jarimaga tortildi
Jahon | 23:40 / 31.03.2025
Mavzuga oid

13:42 / 14.03.2025
AQShning Denver shahrida American Airlines samolyoti yonib ketdi

09:51 / 07.03.2025
Kellog: AQSh Rossiya bilan munosabatlarni qaytadan boshlamoqchi

22:46 / 28.02.2025
Vashingtonda Tramp va Zelenskiy uchrashuvi boshlandi

15:26 / 25.02.2025