Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polsha Yevropada yagona armiya tuzilishiga qarshi chiqdi
Polsha TIV Zelenskiyning Yevroittifoq o‘z armiyasini tuzishi kerakligi to‘g‘risidagi gaplariga izoh berdi. Shu bilan birga u mamlakatning NATO doirasidagi asosiy vazifasi - alyansning sharqiy qanotini himoya qilish ekanini ta’kidladi.
Yevropa davlatlari Rossiya tomonidan bo‘layotgan tahdidlarga qarshi turish uchun o‘zlarining milliy armiyalarini yagona tuzilmaga birlashtirmaydi. Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning bu boradagi taklifiga shunday izoh berdi.
«Bunday terminlarga ehtiyot bo‘lish kerak, chunki odamlar turli narsalarni tushunishi mumkin. Agar gap milliy armiyalar birlashuvi haqida ketayotgan bo‘lsa, bu sodir bo‘lmaydi. Ammo men Yevropa Ittifoqining mudofaa imkoniyatlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlayman», — deydi vazir.
Sikorskiy, shuningdek, Yevropa Ittifoqi mazkur yo‘nalishda tegishli qadamlarni tashlayotgani, kuchaytirilgan brigada tuzayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Yevropa mudofaasining mustahkamlanishi ham milliy, ham Yevropa komponentlarini o‘z ichiga olishi kerakligini ta’kidladi.
Polsha mudofaa vazirining qayd etishicha, Varshava o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmayapti. U Polshaning NATO doirasidagi asosiy vazifasi — alyansning sharqiy qanotini, ya’ni o‘z hududlarini himoya qilish ekanini eslatib o‘tgan.
Avvalroq Volodimir Zelenskiy xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida Yevroittifoqni o‘z Qurolli kuchlarini tashkil etishga chaqirgandi. Ukraina prezidenti AQSh Yevropani qo‘llab-quvvatlashni qisqartirishi mumkinligidan xavotirini bildirgan: «Yevropa o‘z armiyasiga ega bo‘lishi kerak. Yevropa armiyasi. Men rostdan ham vaqt keldi deb hisoblayman. Yevropa Qurolli kuchlari tuzilishi kerak».
Zelenskiy Ukraina armiyasi umumevropa kuchlarining tuzilishiga asos bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan. «Ukraina armiyasisiz Yevropa armiyasi Rossiyani to‘xtata olmaydi. Bu reallik. Armiyamiz zamonaviy urush tajribasiga ega, ammo uning sa’y-harakatlari yetarli emas», — deydi u.
Mavzuga oid
08:58 / 04.06.2026
Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lishi yo‘lida muhim qadam tashlandi
19:55 / 29.05.2026
Yevropa Ittifoqi Temu’ni 200 mln yevro jarimaga tortdi
08:47 / 28.05.2026
YeI Rossiya bilan muzokaralar bo‘yicha shoshilmayapti
08:49 / 21.05.2026