Jahon | 08:38 / 17.02.2025
8578
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh-Rossiya muzokaralari 18 fevralda Ar-Riyodda bo‘lib o‘tadi

AQSh va Rossiya o‘rtasida Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar 18 fevral kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi, deb yozadi Amerikaning Axios portali. Ular Ar-Riyodda bo‘lib o‘tishini «Kommersant» gazetasi aniqlashtirdi.

Foto: Reuters / Nathan Howard / Evgenia Novozhenina

18 fevral, seshanba kuni Saudiya Arabistonida AQSh va Rossiya vakillarining Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Amerikaning Axios portali 17 fevral, dushanbaga o‘tar kechasi manbalarga tayanib xabar berdi.

Rossiya va AQSh delegatsiyalarining tarkibi

Axios manbalariga ko‘ra, AQSh delegatsiyasi tarkibiga davlat kotibi Marko Rubio, Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts va Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff kiradi. U yakshanba kuni Fox News telekanalida Uolts bilan 16 fevral kuni kechqurun Saudiya Arabistoniga borishini aytdi. Rubio u yerga 17 fevral kuni Isroilga tashrifidan so‘ng keladi, deb yozadi Axios.

Rossiya delegatsiyasining aniq tarkibi ma’lum emas. Katta ehtimol bilan uning tarkibiga tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham kiradi, deb hisoblaydi Axios. Bloomberg agentligiga ko‘ra, u yerda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov va Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin ham bo‘ladi. Bundan tashqari, muzokaralarni Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari, AQShda tahsil olgan va ishlagan Kirill Dmitriyev boshqarmoqda.

«Kommersant» gazetasi ham 16 fevral kuni manbalarga tayanib, muzokaralar seshanba kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tishi haqida xabar berdi. Nashr aniq manzilni ham keltirgan: Ar-Riyod.

Ukraina muzokaralarda ishtirok etadimi?

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 15 fevral kuni Kiyev Saudiya Arabistonidagi uchrashuvga taklifnoma olmaganini aytdi. Tramp bir kun o‘tib Ukraina rahbari urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishini aytdi. Uitkoff ham xuddi shunday dedi. Rubio CBS telekanaliga bergan intervyusida har qanday «haqiqiy muzokaralar»da Ukraina ham, Yevropa davlatlari ham ishtirok etishini aytdi.

Zelenskiyning o‘zi rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga 16 fevral kuni kechqurun yetib keldi. FlightAware ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni Ukraina prezidentining samolyoti Myunxendan Polshaning Jyeshuv-Yasyonka aeroportiga, so‘ngra Abu-Dabiga uchgan. U yerdan Ar-Riyodga parvoz ikki soatni tashkil etadi.

Mavzuga oid