Jamiyat | 08:09 / 20.02.2025
2975
4 daqiqa o‘qiladi

Nogironlik qanday tartibda belgilanadi? SSV mutaxassisi yangi tizim haqida

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekistonda nogironlikni belgilashning samarali mexanizmlari joriy etilmoqda. SSV matbuot xizmati qayd etishicha, bu orqali tizimdagi byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, soha raqamlashtirilishi hisobiga aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish rejalashtirilgan. Prezidentning 2024 yil 16 iyuldagi tegishli qarori ayni shu maqsadni ko‘zlab qabul qilindi.

Unga ko‘ra, yangi tizim 2024 yil 1 sentabrdan Toshkent shahri va Navoiy viloyatida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida, 2025 yil 1 sentabrgacha respublikaning qolgan hududlarida amaliyotga tatbiq etilishi belgilangan.

Shu asosda fuqarolarga nogironlikni belgilash bo‘yicha YaIDXP (my.gov.uz), «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

Xo‘sh, bu jarayon qanday tartibda amalga oshiriladi?

— Nogironlikni belgilashda tumanlararo va tuman tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari (TIEK) ko‘rigi xulosasi asos bo‘ladi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining Nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi jarayonini muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Baxodir Karimov. 

—  TIEK ko‘rigidan o‘tish uchun fuqaro yoki uning qonuniy vakili o‘z xohishiga ko‘ra tibbiyot muassasasiga, oilaviy shifokorga, «Inson» markaziga, ijtimoiy xodimga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali murojaat qiladi.

Qabul qilingan murojaat bir ish kunida fuqaroning yashash manzilidagi oilaviy poliklinikaga (oilaviy shifokorlik punktiga) yuboriladi. Poliklinika murojaatni oilaviy shifokorga o‘rganish uchun taqdim etadi.

Oilaviy shifokor fuqaroning tibbiyot muassasalarida davolanganiga oid tibbiy hujjatlari mavjudligini hamda TIEK ko‘rigiga yo‘llash uchun asoslar bor yoki yo‘qligini aniqlaydi.

Agap lozim deb topilsa, murojaatchi qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlardan o‘tish va davolanish uchun yo‘naltirilishi mumkin. 

Oilaviy shifokor yo‘llanmani elektron shakldagi kasallik tarixi va (yoki) ambulator kartadan ko‘chirma bilan birgalikda bir ish kuni ichida «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimiga kiritadi.

Agar nogironlikni belgilash uchun yo‘llashga asos bo‘lmasa, bu haqda murojaatchiga sabablari ko‘rsatilgan holda avtomatik ravishda SMS boradi.

Yo‘llanma TIEKga yuborilgach, fuqaroga bu haqda SMS xabar yuboriladi. Ariza my.gov.uz portali orqali qabul qilingan bo‘lsa, yo‘llanma ariza beruvchining ushbu platformadagi shaxsiy kabinetiga avtomatik yuboriladi va tegishli TIEK tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Fuqaro TIEK xabarnomasini qabul qilib olgandan so‘ng ko‘rikdan o‘tish joyiga belgilangan vaqtda yetib keladi.

Fuqaro sog‘ligi holati bo‘yicha TIEKdan ko‘rikdan o‘tish uchun bora olmagan taqdirda, sog‘ligining holati va funksionallikni baholash shaxsning uyida yoki davolanishda bo‘lgan statsionarda o‘tkaziladi.

Yakuniy bosqichda, tegishli mezonlarga to‘g‘ri kelgan taqdirda, nogironlik sababi, muddati, tibbiy tavsiya va xulosalar inson omili aralashuvisiz, avtomatik tarzda belgilanadi.

«Bir so‘z bilan aytganda, yangi tizim sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlab, turli ovoragarchiliklarning oldini oladi», deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid