O‘zbekiston | 11:13 / 28.02.2025
4238
2 daqiqa o‘qiladi

DXX Yaponiyaga ishga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlarni aniqladi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Yaponiya davlatiga ishga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar fosh etildi.

Foto: Videodan kadr

Andijon shahrida yashovchi shaxs fuqarolarni Yaponiya davlatiga ishga yuborish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon tarqatib, ko‘pchilikning ishonchiga kiradi

Ammo, u Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni amaldagi tartib-qoidalarni chetlab o‘tgan holda, Yaponiya davlatiga ishlash uchun yuborish evaziga 7400 AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Boshqa holatda esa Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida yashovchi shaxs va uning Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi tanishi o‘zaro til biriktirib, poytaxtlik fuqaroning ishonchiga kirishadi.

Ular mansabdor tanishlari orqali fuqaroni Yaponiya davlatiga ishga yuborish evaziga 2500 AQSh dollari talab qilishadi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ulardan biri – ya’ni, Toshkent shahrida yashovchi shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid