Jamiyat | 17:43 / 03.03.2025
2661
5 daqiqa o‘qiladi

«Ayolga ehtirom» haftaligi o‘tkaziladi

Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan 3-10 mart kunlari keng miqyosda madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoniga muvofiq, 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan 3-10 mart kunlari «Ayolga ehtirom» haftaligi o‘tkaziladi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi xabar berdi.

Haftalik doirasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar, islohotlarning amaliy natijalarini o‘zida mujassam etgan mediatanlovlar va tadbirlar o‘tkazish nazarda tutilgan.

Jumladan:

- Jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarni «Mo‘tabar ayol» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimlarini tashkil etiladi;

- Uzoq yillar vazirlik va idoralarda ishlab fidoyilik, vatanparvarlik, ibrat namunasini ko‘rsatib xizmat qilgan keksa ayollar, «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar «Yangi O‘zbekiston bog‘i» hamda muzeylar, tarixiy maskanlar, obidalar, ziyoratgoh va qadamjolar, teatr, konsert, kino, ko‘ngilochar maskanlarga imtiyozli asosda tashriflari tashkil etiladi;

- Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolliklarini oshirishga qaratilgan turli kitob va risolalar taqdimotlari o‘tkaziladi.

Shuningdek, umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida «Ona - oilamiz timsoli, mehr bulog‘i» mavzusida insholar tanlovi o‘tkazish nazarda tutilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar ishtirokida «Ayolni e’zozlash – ezgulik va adolat mezoni», «Ona – mehr bulog‘i», «Men onam bilan faxrlanaman», «Yurt taraqqiyotiga mening hissam» mavzularida fleshmob va chellenj tashkil etiladi.

«Doim e’tibordasiz!» shiori ostida «Tibbiyot avtobuslari» tashkil etiladi va mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Jazoni ijro etish muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

Vazirliklar va idoralarda, korxona va tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar o‘rtasida «Sport nafislik va salomatlik manbai» shiori ostida sport musobaqalari o‘tkaziladi.

Joylarda «Tabarruk onaxonlarni e’zozlaylik!» mavzuida tadbirlar o‘tkaziladi. Uzoq yillar xalq farovonligi yo‘lida mehnat qilgan, xalq tinchligi yo‘lida halok bo‘lganlarning onalari, turmush o‘rtoqlari va qizlariga bayram sovg‘alarini tashkil etiladi.

Mahallalarda istiqomat qilayotgan shoiralar, yozuvchi va san’atkorlar o‘rtasida «Nazm gulshani», «Qalam sehri», «Onajonlar mo‘tabar», «Milliy raqs – munavvar qadriyat» mavzusida ko‘rik-tanlovlar o‘tkaziladi.

Vazirliklar va idoralarda, korxona va tashkilotlarda uzoq yillardan buyon fidoyilik bilan mehnat qilayotgan ayollar ishtirokida "Matonat timsollari" mavzusida muloqot uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Rahbar ayollar va liderlik salohiyatiga ega bo‘lgan xotin-qizlar, shuningdek, yetakchi tadbirkor ayollarning mahallalarda «Ayollar daftari»ga kiritilgan ishsiz va tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan xotin-qizlar bilan muloqot uchrashuvlari tashkil etiladi.

«O‘zbekiston – umumiy uyimiz» shiori ostida mahallalarda turli millat vakillari bo‘lgan xotin-qizlar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

Hududlarda «Yangi O‘zbekistonni barpo etishda xotin-qizlarning o‘rni» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

«Oqila ayollar» harakati hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi «Ayol ma’rifati» jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirokida «Ayol ma’naviyati», «Onalik baxti», «Muammoli vaziyatlar va oqilona yechim», «Muloqot psixologiyasi», «Sog‘lom ovqatlanish», «Sog‘lom turmush tarzi» kabi mavzularda; «Tomorqalarda gul va meva-sabzavotlarni yetishtirish, issiqxonalarni tashkil etishda ijobiy tajribalar» mavzusida; «tikuvchilik», «pazandalik», «to‘qish» kabi yo‘nalishlarda mahallalarda mahorat darslari, seminar-treninglar tashkil etiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid