Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Barselona»dan yana gollar yomg‘iri, «MYu»da yana mag‘lubiyat. Kun o‘yinlari
Kataloniyaliklar yana yakkapeshqadam bo‘lib oldi, Shomurodov klubi bilan yevrokubok yo‘llanmasi uchun kurashmoqda. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: Gordon uyaltirdi
«Nyukasl» – «Brayton» – 1:2
Gollar: Isak 22 pen – Minte 44, Uelbek 114.
Chetlatishlar – Gordon 83 – Lempti 90+1.
«Nyukasl» yana sovrinsiz qoldi va «qarg‘alar» jamoasi muxlislarida jamoa yulduzi Gordonga yetarlicha savollar bor. APL o‘yinlarida muntazam kuzatiladigan to‘p uchun keskin kurash vaqtida ushbu vinger raqibdan o‘ch olishga qaror qildi va ikki qo‘li bilan uning tomog‘iga hamla qildi. Hakam esa haqli qizil kartochka ko‘rsatdi. Sakkiz daqiqa o‘tib Lempti ikkinchi sariq kartochkani olgach, jamoalar son jihatdan tenglashib oldi. Lekin «Nyukasl» o‘yinni yo‘qligi seziladigan asosiy futbolchisisiz davom ettirishi kerak edi. «Brayton»da esa lateralning o‘rnini boshqa futbolchilar bosa olardi. Shu tufayli overtaymlarda «chaykalar» yaxshiroq o‘ynagani ajablanarli emas. Natijada — zaxiradan tushgan Uelbek Marchning uzatmasini qabul qilib, to‘pni Dubravka ustidan oshirib tashladi va g‘alaba golini urdi. Qatorasiga beshinchi o‘yinida g‘alaba qozongan «Brayton» Angliya kubogi chorakfinaliga chiqdi.
«MYu» – «Fulhem» – 1:1.
Penaltilar seriyasi: 3:4
Gollar: Brunu Fernandesh 71 – Bessi 45+1
«Manchester Yunayted»: Onana, Yoro (Lindelyof, 53), Maguayr (Heven, 90), de Ligt, Eriksen (Kazemiro, 68), Zirkze, Diogu Dalot, Brunu Fernandesh, Ugarte (Garnacho, 53), Mazraviy, Hoylund (Obi-Martin, 68).
«Fulhem»: Leno, Robinson, Bassi, Andersen, Kastan, Berge, Lukich (Rid, 101), Ivobi (Sessenon, 107), Pereyra (Villian, 90), Traore (Smit-Rou, 53), Rodrigo Muniz (Ximenes, 90).
Bir necha soatdan so‘ng esa «MYu» mavsumni sovrin bilan yakunlashdan umid uzdi, «qizil iblislar» o‘tgan yil bahorida qo‘lga kiritilgan sovrinni saqlab qolish imkoniyatlari bilan xayrlashdi. Bu jamoa uchun mavsumning eng muhim o‘yinlaridan biri edi, ammo futbolchilarni «Old Trafford» tribunalari ham ilhomlantira olmadi. Mezbonlar birinchi bo‘limning o‘zidayoq mag‘lubiyatni tan olishi mumkin edi. Ba’zi holatlarda ularga ochiqchasiga omad kulib boqdi, ammo bo‘lim oxirida raqib himoyachisi Bessi burchakdan oshirilgan to‘pni darvozaga yo‘lladi. Bu joriy mavsumda «MYu» burchak zarbalardan keyin o‘tkazib yuborilgan o‘n uchinchi gol bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limda javob goli urilgach, mezbonlar endi o‘yinda burilish yasagandek ko‘ringandi. Golli hujumda Garnacho muhim rol o‘ynadi, Diogu Dalotning qanotdan uzatmasini esa Bruno Fernandesh golga aylantirdi. Hakam asosiy vaqtga o‘n daqiqa qo‘shib berdi va bu daqiqalarda ikkala jamoa ham overtaymdan qochish uchun bor kuchini tashladi. Onana Smit-Rouning murakkab zarbasini amallab qaytardi va jamoa uchun imkoniyat saqlab qoldi. O‘z navbatida, mezbonlar safida Obi-Martin va Garnacho qulay imkoniyatlardan foydalana olmadi.
Birinchi qo‘shimcha bo‘limdagi eng yaxshi vaziyat «MYu»da yuzaga keldi — 19 yoshli Obi-Martin yaqin masofadan zarba yo‘lladi, ammo Leno to‘pni o‘tkazmadi.

Qo‘shimcha yarim soatda ham hisob o‘zgarmadi va barchasi penaltilar seriyasida hal qilinadigan bo‘ldi. Lotoreyada «Fulhem» futbolchilari benuqson harakat qilishdi, Leno esa Lindelyof va Zirkzening zarbalarini qaytarib, jamoasini chorakfinalga olib chiqdi.
Ispaniya: Flik effekti
«Barselona» – «Real Sosiyedad» – 4:0
Gollar: Jyerar Martin 25, Mark Kasado 29, Arauxo 56, Levandovski 60.
«Barselona»: Shchensni, Martin, Kubarsi (Erik Garsiya, 59), Arauxo (Fort, 76), Kunde, Kasado, Rafinya (Ferran Torres, 59), Pedri (de Yong, 59), Olmo (Lopes, 71), Yamal, Levandovski
«Real Sosiyedad»: Remiro, Xavi Lopes, Elustondo, Subeldiya, Aramburu (Traore, 64), Subimendi (Turrentes, 46), Marin, Olasagasti (Martin, 20), Serxio Gomes, Barrenechea (Mareskurrena, 46), Ouskarsson (Munyos, 77), Marrero.
Chetlatish: Elustondo, 17.
Kataloniya poytaxtida «Real Sosiyedad»dan kamida munosib o‘yin kutilgandi. Basklar o‘yinni faol boshladi va darvozani ishg‘ol ham etishdi, ammo bu gol ofsayd tufayli bekor qilindi. Keyin esa yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketgan Oskarsonning zarbasidan keyin to‘p to‘singa tegdi, ammo Imanola Alguasilyaning ish berib turgan rejasini bitta epizod buzib qo‘ydi. 17-daqiqada yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketishi mumkin bo‘lgan Olmo Elustondo tomonidan gazonga yiqitildi. Natijada himoyachi to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatilib, maydondan chetlatildi. Mehmonlar joylashuvni o‘zgartirishga ulgurmasidan «Barsa» o‘yin taqdirini hal qildi.
«Sosedad» ma’lum vaqt davomida to‘liq himoyaga yotgancha hisobni ushlab turdi. Ammo 25-daqiqada Yamalning driblingiga qarshi chora topilmadi. Vinger Barrenecheadan o‘tdi, masxaraomuz finti bilan Lopesni o‘tirg‘izib ketdi va Olmoni to‘p bilan ta’minladi. Uning olis ustun tomon pasini esa Jyerar Martin golga aylantirdi. Ushbu mavsumda beshinchi bor boshlang‘ich tarkibda tushgan himoyachi ilk golini nishonladi.
Bir necha daqiqa o‘tib tayanch yarimhimoyachisi Kasado ham Olmoning sa’y-harakatlari evaziga chempionatdagi ilk golini urdi. Shu tariqa, kataloniyaliklar safida bu mavsumda kamida bitta gol urgan futbolchilar soni 19 (!) nafarga yetdi.
Shundan keyin o‘yin quruq rasmiyatchilikka aylandi. «Barselona» xotirjamlik bilan barchasini nazorat qildi. To‘pga egalik qilish bo‘yicha 75 foiz, zarbalar bo‘yicha 12:0, burchak zarbalari bo‘yicha 7:0 — birinchi bo‘lim statistikasiga qarab, «Sosiyedad»ning bir emas, bir necha futbolchisi chetlatilgan deb o‘ylash mumkin edi.
Ikkinchi bo‘limda esa mezbonlarning markaziy himoyachisi Arauxo faoliyatida ilk bor bir o‘yinda gol va golli pas muallifiga aylandi, uning uzatmasi bilan Levandovski mavsumdagi 34-golini urdi. Polshalik forvard mart oyidayoq «Barselona»dagi eng sermahsul mavsumini qayd etmoqda. Ko‘k-anorranglilar mavsum boshidan buyon barcha turnirlar doirasidagi qirq o‘yinida 124 gol urib bo‘ldi. Hansi Flik Ispaniya «Real»ning 1959/60 (132 gol) yillar mavsumidan buyon guvoh bo‘lmagan grafigi bo‘yicha ketmoqda.
O‘yin yakunigacha zarbalar soni bo‘yicha hisob 33:0 (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha 10:0) ko‘rinishini oldi. Kataloniyalik futbolchilar shuncha imkoniyatdan to‘rt gol urish bilan cheklandi, lekin bu la ligada yana yakkapeshqadam bo‘lib olish uchun yetarli bo‘ldi.

Italiya: milanliklar protesti
«Milan» – «Latsio» – 1:2
Gollar: Chukvuyeza 84 – Dzakkini 28, Pedro 90+8 penaltidan.
Chetlatish: Pavlovich, 67 (M).
«Milan» muxlislarining sabr kosasi to‘lmoqda. Ular Italiya Kubogi yarimfinalida «Inter»ga qarshi kechadigan qarama-qarshilikda yaxshi natija ko‘rsata olsa, jamoani kechirishi mumkin. Hozircha esa tiffozi oxirgi marta ogohlantirish bilan chiqib, amerikalik xo‘jayinlardan menejment iste’fosini va klubni sotishni talab qilishdi. Bu bayonot bilan birgalikda norozilik aksiyasi o‘tkazilib, o‘yinning dastlabki o‘n besh daqiqasida fanatlar tribunasi bo‘sh qoldirildi. Bu vaqt davomida esa milanliklar «Latsio»ni qiyinchilik bilan to‘xtatib turishdi, Menyan birinchi hujumdayoq yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketgan Dia bilan duelda ustun keldi.
Fanatlar qaytib, «San-Siro» kuylay boshlaganidan keyingina rossonerilar bosimni oshira boshlashdi. Faqat Pavlovichning ahmoqona to‘p yo‘qotishidan keyin jamoa o‘yinini izdan chiqardi, bu vaziyatda Menyan yana bir bor o‘zini ko‘rsatdi, ammo qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib Dzakkani yetib keldi. Serjiu Konseysau darhol reaksiya ko‘rsatdi va birinchi bo‘limdayoq yarimhimoyachi Musa o‘rniga hujumchi Joau Felishni tushirdi. Faqat shu kuni Portugaliya milliy jamoasiniki kabi ranglarda harakat qilgan va asosiy yetakchilari portugallardan iborat bo‘lgan mezbonlar «Latsio»ni cho‘chita olmadi, rimliklar o‘yinni xotirjamlik bilan davom ettirdi.
Ikkinchi bo‘limda mezbonlar o‘yinni yana kuchaytirishdi. Ammo ularga goh vaziyatlarni yakunlashda aniqlik yetishmadi, yoki to‘pni qabul qilishda daraja pand berdi. Vaziyatlardan birida jamoaning qishki transferlaridan biri Santyago Ximenes Pulishichning ajoyib pasini yo‘qqa chiqardi. Ikkinchi bo‘limda ham Pavlovich antiqahramonga aylanib, qizil kartochka oldi va jamoasini qiyin holatda qoldirdi. Ammo «Milan» o‘n kishi bo‘lib qolganidan keyin javob qaytardi, Chukvueze Rafael Leauning uzatmasini golga aylantirdi. Jamoa xarakter ko‘rsatganiga qaramay, yakunda ochkosiz qoldi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda rimliklarning hujumida shubhali penalti belgilandi, 37 yoshli Pedro esa zarba berishda adashmadi. Rossonerilar ketma-ket uchinchi mag‘lubiyatdan keyin turnir jadvalida to‘qqizinchi o‘ringa sho‘ng‘idi (oxirgi olti turda birgina g‘alabaga erishilgan), «Latsio» esa yana top-4 ga kirib oldi.
«Roma» – «Komo» – 2:1
Gollar: Salemakers 61, Dovbik 76 – Da Kunya 44
«Roma»: Svilar, Ndika, Manchini, Chelik (Rensh, 74), Pellegrini (Al-Sha’roviy, 46), Dibala, Anxelinio, Paredes, Kone (Kristante, 60), Soule (Salemakers, 59), Shomurodov (Dovbik, 46)
«Komo»: Byute, Vale (Alberto Moreno, 74), Kempf, Goldaniga, Smolchich (Voyvoda, 56), Da Kunya, Perrone, Kakre (Kutrone, 56), Diao (Fadera, 74), Pas (Ikone, 83), Strefetssa.
Chetlatish – Mark-Oliver Kempf, 63
Yanvar oyida Artyom Dobvikning jarohatidan keyin yana asosiy tarkib futbolchisiga aylangan va fevral oyida «Roma»ning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Eldor Shomurodov ichki chempionat doirasida «Komo»ga qarshi o‘yinda ham boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi. O‘tgan turda «Monsa» bilan o‘yinda bir gol va bir assist muallifi bo‘lgan o‘zbekistonlik hujumchi bu safar imkoniyatdan foydalana olmadi va tanaffusda o‘z o‘rnini ukrainalik hujumchiga bo‘shatib berdi. Rimliklar ikkinchi bo‘limda o‘yinda burilish yasab, Salemakers va Dobvikning gollari evaziga g‘alaba qozondi. Klaudio Raniyeri jamoasi qatorasiga to‘rtinchi g‘alabadan keyin (11 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etilmoqda, oxirgi mag‘lubiyat birinchi davrada, dekabr oyida aynan «Komo»ga qarshi o‘yinda kuzatilgandi) turnir jadvalida sakkizinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Mavzuga oid
12:01 / 25.05.2026
«Arsenal» kubok ko‘tardi, «Siti» va «Liverpul» afsonalari bilan xayrlashdi
11:01 / 19.05.2026
«Arsenal» g‘alabali seriyani davom ettirdi va chempionlikka yaqinlashdi
01:18 / 18.05.2026
Eldor Shomurodov Turkiya Superligasining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi
20:37 / 16.05.2026