Jahon | 14:09 / 04.03.2025
2196
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Kanada va Meksikadan importga bojlar kuchga kirdi

Trampning Kanada va Meksika mahsulotlariga joriy etgan 25 foizlik bojlari 4 martdan kuchga kirdi. Oq uy, shuningdek, Xitoy importi uchun tariflarni ikki baravar ko‘tarib, 20 foizga yetkazishini e’lon qildi.

Qo‘shma Shtatlarda Kanada va Meksikadan import qilinadigan deyarli barcha mahsulotlarga 25 foizlik boj 4 mart, seshanba kunidan kuchga kirdi. Choralar AQSh prezidenti Donald Tramp har ikki davlat AQShga giyohvand moddalar, jumladan opioid fentanil oqimini to‘xtatish uchun yetarlicha ish qilmaganini aytganidan bir necha soat o‘tib qabul qilindi, deya xabar beradi Reuters.

«Prezident Tramp Kanada va Meksikaga xavfli kartellar va o‘limga olib keladigan giyohvand moddalarning mamlakatimizga kirib kelishini to‘xtatish bo‘yicha keng vakolatlar berdi, biroq ular vaziyatni yetarli darajada hal qila olmadi», — deyiladi Oq uy bayonotida.

Xitoydan importga bojlar ikki barobar oshyapti

Trampning 4 martga o‘tar kechasi Oq uy saytida e’lon qilingan buyrug‘iga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar, shuningdek, «Xitoy noqonuniy giyohvand moddalar sabab bo‘lgan inqirozni yumshatish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘ra olmagani» sababli Xitoydan import qilinadigan tovarlarga boj to‘lovlarini ikki baravar oshirishi aytiladi. Hujjatda qayd etilishicha, masala «sintetik opioidlar, jumladan, fentanilning Xitoydan AQShga doimiy oqimiga» tegishli.

Xuddi shu sababga ko‘ra, bir oy oldin dastlabki bojlar joriy qilingan. Xitoy Jahon savdo tashkilotida ularga qarshi chiqmoqda.

Mavzuga oid

E`lonlar