Kambag‘al oilalarga yordam ijtimoiy shartnoma asosida ko‘rsatiladi
Ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan hollarda ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatish (ijtimoiy nafaqadan tashqari) to‘xtatiladi.

Kambag‘al oilalarga qo‘llab-quvvatlash choralari mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash, o‘z tomorqa yeridan samarali foydalanish, ta’lim olish, kasb-hunar egallash, chet tillarini o‘rganish va boshqa shartlarni hisobga olgan holda ijtimoiy shartnoma asosida ko‘rsatiladi. Bu haqda avvalroq prezident farmoni imzolangan edi. Endi Vazirlar Mahkamasining «Oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori (.pdf) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan hollarda ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatish (ijtimoiy nafaqadan tashqari) to‘xtatiladi.
Hujjat bilan Oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rsatish uchun ijtimoiy shartnoma tuzish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. U quyidagi tartiblarni belgilaydi:
- Ijtimoiy shartnoma asosida qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rsatish;
- Ijtimoiy shartnomani va unda nazarda tutilgan shartlarni rasmiylashtirish;
- Ijtimoiy shartnoma bajarilishini nazorat qilish.
Ijtimoiy shartnoma asosida kam ta’minlangan oilalarga yordam choralari 2025 yil 1 martdan Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida, respublikaning qolgan hududlarida esa 2025 yil 1 maydan amalga oshiriladi.
Kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan oilalar tomonidan ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda, «mahalla yettiligi»ning kollegial qarori bilan bu oilalarga to‘lanadigan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori 30 foizgacha kamaytiriladi.
Hujjat bilan shuningdek quyidagilar tasdiqlangan:
- Oilaning mehnatga layoqatli a’zolari ishga joylashtirilishi sharti bilan ko‘rsatiladigan ayrim turdagi ijtimoiy xizmatlar va yordam ro‘yxati;
- Oilaning mehnatga layoqatli a’zolarini ishga joylashtirish talab etilmaydigan holatlar ro‘yxati;
- «Elektron hukumat» tizimining Idoralararo integratsiya platformasi orqali «Ijtimoiy himoyaning yagona milliy tizimi» axborot tizimiga taqdim etiladigan ma’lumotlar ro‘yxati.
Hujjat Qonun hujjatlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1 martdan kuchga kirdi.
Mavzuga oid

12:21 / 18.03.2025
Kambag‘allikni qisqartirish jamg‘armasining vazifalari belgilandi

16:23 / 17.03.2025
Parvarishga muhtoj bo‘lganlarga qarab turish xizmati ishga tushirildi

18:12 / 07.03.2025
Migrantlarning pul o‘tkazmalarisiz O‘zbekistonda kambag‘allik 17 foizgacha oshishi mumkin – Jahon banki

20:26 / 03.03.2025