O‘zbekiston | 12:40 / 04.03.2025
1047
2 daqiqa o‘qiladi

Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy transport xizmati yo‘lga qo‘yiladi

Hukumat qarori bilan nogironligi bo‘lgan shaxslar va tayanch harakatida muammolari bo‘lgan bolalar uchun transport xizmati loyihasi ishga tushirilmoqda. 

O‘zbekistonda 2025 yilda respublika bo‘ylab nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy transport xizmati yo‘lga qo‘yiladi. 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berishicha, bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining «Transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali ko‘rish va harakatlanish bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim olish sharoitlarini yaxshilash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan ushbu xizmatni 2025 yil 1 apreldan Toshkent, Andijon va Samarqand shaharlarida pilot loyiha sifatida, 2025 yilning yakuniga qadar esa respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish belgilandi.

Loyiha doirasida transport xizmatlari:

  • ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internatlari, shu jumladan, ushbu muassasalardagi «G‘amxo‘rlik» guruhlarida;
  • umumta’lim maktablarining inklyuziv sinflarida;
  • reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim oluvchi ko‘rish va harakatlanish bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan bolalarga ko‘rsatiladi.

Shuningdek, qaror bilan xizmatdan foydalanganlik uchun to‘lov va subsidiya tizimi ham joriy etilmoqda. Xususan:

  • har bir yo‘lovchiga bir oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,2 baravaridan oshmaydigan miqdorda;
  • Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yo‘lovchilar uchun har bir qatnov to‘lovining 100 foizi;
  • Yuqorida ko‘rsatilgan reyestrlarga kiritilmagan oilalardagi yo‘lovchilar uchun har bir qatnov to‘lovining 60 foizi subsidiya shaklida qoplanadi.

Subsidiya shaklidagi to‘lovlar agentlikning Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid