Jahon | 13:04 / 05.03.2025
7748
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Kanadaning javob bojlariga agressiv reaksiya bildirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada bosh vaziri Tryudoni yana «gubernator» deb atagan holda, Kanada importiga 25 foizlik bojlar kiritilganidan so‘ng joriy etilgan Kanadaning tariflariga javoban yana bojlar kiritish bilan tahdid qildi.

Foto: AP/Scanpix/LETA

AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoga agar Kanada Amerikadan import qilinadigan tovarlarga bojlar joriy qilsa, import bojlari yanada oshishi bilan tahdid qildi. «Iltimos, Kanada gubernatori Tryudoga tushuntirib qo‘ying, u Qo‘shma Shtatlarga javob tariflarini kiritsa, bizning tariflarimiz darhol xuddi shu miqdorga oshadi!» - deya u 4 mart, seshanba kuni kechqurun o‘zining Truth Social platformasida yozdi. Tramp go‘yo Kanada AQSh shtati ekanini nazarda tutib, qo‘shni davlat bosh vazirini yana gubernator deb atadi.

Avvalroq, Tryudo Ottavadagi matbuot anjumanida Donald Tramp tomonidan boshlangan savdo mojarosida AQShning hozirgina kuchga kirgan tariflarini muhokama qilish uchun agressiv pozitsiyani egallagan edi. «AQSh o‘zining eng yaqin hamkori va ittifoqchisi, eng yaqin do‘sti Kanadaga qarshi savdo urushini boshladi. Shu bilan birga, ular Putinni rozi qilish, Rossiya bilan ijobiy hamkorlik qilish haqida gapiryapti», — dedi Kanada bosh vaziri. AQSh prezidentiga shaxsan murojaat qilib, u shunday dedi: «Donald, sen juda aqlli yigit bo‘lsang ham, bu ahmoqlik».

Ottava AQShning harakatlariga qarshi sudga murojaat qiladi

Bojlar dastlab Kanadaga jo‘natilgan 30 milliard dollarlik Amerika tovarlariga, 21 kundan keyin esa yana 125 milliard dollarlik tovarlarga joriy qilinadi, dedi Jastin Tryudo. Bundan tashqari, Ottava Vashingtonga qarshi Jahon savdo tashkilotiga da’vo arizasi bilan murojaat qiladi, deya qo‘shimcha qildi u.

Tryudo, shuningdek, Tramp «Kanada iqtisodini barbod qilmoqchi» ekanini aytdi, chunki bu unga Kanadani «anneksiya qilish»ni osonlashtiradi. Kanada bosh vaziri «bu hech qachon sodir bo‘lmaydi» va Kanada «hech qachon 51-shtat bo‘lmaydi» deb qo‘shimcha qildi — Tramp so‘nggi haftalarda yirik davlatning Qo‘shma Shtatlarga qo‘shilishi g‘oyasini bir necha bor ko‘targan. Tryudo, shuningdek, tariflarni fentanil inqirozi bilan oqlash «butunlay yolg‘on, mutlaqo asossiz, noto‘g‘ri» ekanligini qo‘shimcha qildi.

Tramp va Tryudo o‘rtasidagi keskin bayonotlardan so‘ng, AQSh savdo vaziri Govard Lyutnik Kanada va Meksikadagi hamkasblari bilan «kun bo‘yi telefonda gaplashdi», dedi u AQSh televideniyesida. «U (Donald Tramp) ular bilan kelishib olishiga ishonaman», — dedi Lyutnik va natija 5 mart kuni e’lon qilinishini qo‘shimcha qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid