Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
HAMAS Trampning tahdidiga qaramay garovga olinganlarni ozod qilmadi
HAMAS vakili so‘zlariga ko‘ra, «garovda qolgan isroilliklarni ozod qilishning eng yaxshi yo‘li o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining ikkinchi bosqichi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish».
Falastinning HAMAS guruhi AQSh prezidenti Donald Trampning garovga olingan barcha isroilliklarni zudlik bilan ozod qilish haqidagi «oxirgi» tahdidini rad etdi. Bu haqda Fox News xabar berdi.
Xususan, HAMAS vakili Abdullatif al-Qanua so‘zlariga ko‘ra, «garovdagi qolgan isroilliklarni ozod qilishning eng yaxshi yo‘li o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining ikkinchi bosqichi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishdan» iborat.
Ma’lumki, 42 kun davom etgan otashkesimning birinchi bosqichi 2 mart kuni yakuniga yetgan. Ikkinchi bosqich mart oyi boshida boshlanishi kerak edi, biroq hozircha faqat cheklangan tayyorgarlik muzokaralari olib borildi.
Avvalroq, Tramp Vashingtonda garovga olingan va ozod qilingan isroilliklar bilan uchrashganidan keyin hamaschilarga qarata murojaat qilib, ularni «oxirgi marta ogohlantirayotganini» aytdi.
«Hozir barcha garovga olinganlarni, kechiktirmasdan ozod qiling va o‘ldirgan odamlaringizning jasadini zudlik bilan qaytaring, aks holda hammasi siz uchun tugaydi», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.
Tramp «Isroilga «ishni yakunlash» uchun zarur bo‘lgan hamma narsani yuborayotganini» aytdi va «agar aytganimni qilmasangiz, HAMAS a’zolaridan hech kim xavfsizlikda bo‘lmaydi», deb qo‘shimcha qildi.
Tramp G‘azo aholisiga ham murojaat qildi.
«Sizni ajoyib kelajak kutmoqda, lekin garovdagilarni ushlab turganingizda emas. Agar shunday qilsangiz, o‘lasiz! Aqlli qaror qabul qiling. Garovga olinganlarni hozir ozod qiling, aks holda buning haqini keyinchalik do‘zaxda to‘laysiz!».
Fox News nashrining eslatishicha, HAMAS 2023 yil 7 oktyabrda qo‘lga olingan 24 kishini garovda ushlab turibdi. Shuningdek, birinchi hujumda halok bo‘lgan 34 kishining jasadi va 2014 yilgi urushda halok bo‘lgan askarning jasadini saqlamoqda.