Jahon | 19:14 / 06.03.2025
5399
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy AQSh bilan har qanday urushda «oxirigacha kurashishga» va’da berdi

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Qo‘shma Shtatlarga «bezori qiyofasidan tezroq voz kechishni va to‘g‘ri muloqot va hamkorlik yo‘liga qaytishni» tavsiya qildi.

Foto: Reuters

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQSh bilan «boj, savdo yoki boshqa urushda oxirigacha kurashishini» aytdi. Bu so‘zlar Xitoyning AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda o‘z lavozimini egallaganidan beri unga nisbatan qilgan eng kuchli ritorikasi bo‘ldi, deb yozdi The Guardian.

Avvalroq, Tramp Xitoy tovarlariga qo‘shimcha 10 foizlik boj joriy etgani sababli umumiy boj miqdori 20 foizgacha oshgan edi.

«Xitoyga haddan tashqari bosim o‘tkazish - noto‘g‘ri maqsad va noto‘g‘ri hisob... Agar AQSh boshqa niyatda bo‘lsa va boj urushi, savdo urushi yoki boshqa urushni istasa, Xitoy oxirigacha kurashadi. Biz Qo‘shma Shtatlarga o‘zining bezori qiyofasidan tezroq voz kechishni va to‘g‘ri muloqot va hamkorlik yo‘liga qaytishni maslahat beramiz», dedi Xitoy TIV matbuot kotibi Lin Tszyan.

Shuningdek, Xitoyning AQShdagi elchixonasi ham vazirning pozitsiyasini takrorladi va ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday yozdi: «Agar urush Qo‘shma Shtatlar xohlagan narsa bo‘lsa, u tarif urushi, savdo urushi yoki boshqa turdagi urush bo‘ladimi, biz oxirigacha kurashishga tayyormiz».

«Boshqa urush» deganda nimani nazarda tutganini tushuntirish so‘ralganda, Tszyan shunday javob berdi: «Agar AQShning boshqa niyatlari bo‘lsa va Xitoy manfaatlariga ziyon yetkazishni talab qilsa, biz oxirigacha kurashamiz. Biz AQShga o‘zining bezori qiyofasidan imkon qadar tezroq voz kechishni va to‘g‘ri muloqot bilan hamkorlik yo‘liga qaytishni maslahat beramiz».

Avvalroq, Tramp Xitoydan AQShga fentanil giyohvand moddasi oqimi to‘xtamayotgani tufayli yangi boj joriy qilishini aytgan edi. Xitoy TIV vakili fentanil masalasi AQSh uchun Xitoyga nisbatan keskin savdo choralarini qo‘llash uchun «bahona» ekanini aytdi.

Shu bilan birga, AQSh Mudofaa vaziri Pit Hegset Amerika Xitoy bilan urushga tayyor ekanini aytdi. Agar AQSh Xitoy yoki boshqa davlatlar bilan urushning oldini olmoqchi bo‘lsa, kuchli bo‘lishi kerak, dedi u.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid