Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron AQSh bilan muzokara o‘tkazishni rad etdi
Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning yadroviy quroli bilan bog‘liq xavotirlar yuzasidan muzokaralar olib borishni taklif qilganini aytgan edi.
O‘z manfaatlarini qondirish uchun muzokara taklif etayotganlar bilan Eron hamkorlik qilmaydi, dedi mamlakat oliy rahbari Ali Xominaiy.
«Ayrim qudratli davlatlarning muzokaralardagi takliflari muammolarni hal qilish uchun emas, balki hukmronlik qilish va o‘z umidlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. Eron ularning umidlarini albatta qabul qilmaydi», dedi u.
Xominaiy hech qanday davlat yoki siyosatchi haqida gapirmadi. Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp Eron rahbariyatiga maktub yo‘llagani, mamlakatning yadroviy quroli bilan bog‘liq xavotirlar yuzasidan muzokaralar olib borishni taklif qilganini aytgan edi. Shu bilan birga, Eronning BMTdagi vakolatxonasi Tehron hech qanday maktub olmaganini ma’lum qildi.
Xominaiy, shuningdek, Eron Yevropada yadroviy bitim bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganlikda ayblanayotganini aytdi.
«Siz Eron o‘z majburiyatlarini bajarmaganini da’vo qilasiz. Xo‘sh, o‘zingiz bu majburiyatlarni bajardingizmi? Siz birinchi kundanoq beharakatsiz», dedi oliy rahbar.
Xominaiy Qo‘shma Shtatlarning o‘zi yadro kelishuvidan chiqqanini (Tramp buni birinchi prezidentlik davrida qilgan) va Yevropa «qandaydir tarzda aybini yuvishga» va’da berganini, biroq hech narsa qilinmaganini ta’kidladi.
Tramp o‘tgan oy Eron bilan yangi yadroviy kelishuvga erishish imkoniyatini ko‘targan edi. U Eronni «bombardimon qilmasdan» kelishuvga erishmoqchi ekanligini aytdi va Eron ham buni xohlasa kerak, dedi. 7 mart kuni Amerika prezidenti Eron bilan munosabatlarda «qiziq vaqtlar» yaqinlashganini aytdi.
Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon mart oyi boshida AQSh bilan muzokaralar olib borish zarur, deb hisoblagan edi. Biroq Xominaiy bunga qarshi chiqdi – prezident esa bunga e’tiroz bildirolmaydi.
Mavzuga oid
09:25
Obama va Trampning Eron bilan kelishuvlari nimasi bilan farq qiladi?
08:49
Pokiston: Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini zudlik bilan ochadi
23:07 / 17.06.2026
Tramp yakuniy kelishuv uchun Eronga 60 kun muhlat berdi
22:32 / 17.06.2026