Jahon | 09:07 / 08.03.2025
5229
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy «osmondagi sukunatni» tinchlik sari birinchi qadam deb atadi

Rossiya havo hujumlarining tugashi urushni tugatish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lishi mumkin, dedi Ukraina prezidenti Rossiyaning Ukraina energetikasiga navbatdagi keng ko‘lamli hujumidan so‘ng.

Foto: AP

Rossiyaning Ukrainaga navbatdagi ommaviy zarbasidan so‘ng, mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z sheriklarini «Rossiyani urushni to‘xtatishga majbur qilishga» chaqirdi. «Ukraina tinchlik yo‘lidan borishga tayyor va aynan Ukraina bu urushning birinchi soniyasidanoq tinchlikni xohlaydi», — deb yozdi u 7 mart, juma kuni Telegramʼda.

Shu bilan birga, Zelenskiy kecha tunda Ukrainaning bir qancha mintaqalaridagi energetika obektlari yana Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan zarbaga uchraganini ta’kidladi. «Jami rossiyaliklar deyarli 70 ta raketa — qanotli va ballistik, shuningdek, ikki yuzga yaqin hujumkor dronlardan foydalangan. Bularning barchasi normal hayotni ta’minlovchi infratuzilmaga qarshi», — deya ta’kidladi u.

Shu bilan birga, haqiqiy tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi birinchi qadamlar «ushbu urushning yagona manbai» bo‘lgan Rossiya Federatsiyasini Ukrainadagi hayotga qarshi qaratilgan bunday hujumlarni to‘xtatishga majbur qilish choralari bo‘lishi kerak, deb ishonadi Zelenskiy. «Osmonda sukunat — raketalar, uzoq masofaga uchuvchi uchuvchisiz uchoqlar va aviabombalardan foydalanishni taqiqlash. Shuningdek, dengizda sukunat — normal yuk tashishning haqiqiy kafolati», — deya qo‘shimcha qildi u.

Rossiyaning Ukraina energetika sektoriga navbatdagi hujumi

7 martga o‘tar kechasi Ukrainaga navbatdagi hujum chog‘ida Rossiya Federatsiyasi 67 ta qanotli, ballistik, zenitli va boshqariladigan raketalarni, shuningdek, 194 ta hujumkor dronlar va dron imitatorlaridan foydalandi. Ukraina qurolli kuchlari 134 ta havo nishonini urib tushirdi. Ukraina qurolli kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi marta Rossiya hujumini qaytarish uchun Ukrainaga bir oy oldin kelgan Mirage-2000 fransuz qiruvchi samolyotlari ishlatilgan.

Hujum birinchi navbatda gaz ishlab chiqarish korxonalariga qaratilgan. Poltava, Odessa va Ternopil oblastlarida energetika infratuzilmasi shikastlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid