Jahon | 12:00 / 18.03.2025
7690
6 daqiqa o‘qiladi

«Tramp yashil chiroq yoqdi». Isroil G‘azo sektoriga yana zarbalar berishni boshladi

Isroil G‘azodagi ikki oy amal qilgan sulhni bir tomonlama bekor qildi. Mahalliy rasmiylar 300 dan ortiq qurbonlar haqida xabar bergan. Hamasdagilar Isroilning zarbalari - garovdagilar uchun «o‘lim hukmi» ekanini ma’lum qildi.

Foto: Omar Al-Qattaa / AFP / Scanpix / LETA

Isroil mudofaa armiyasi 18 martga o‘tar kechasi G‘azo sektoriga o‘nlab havo hujumlarini amalga oshirdi, deb yozadi The Times of Israel nashri Isroil harbiylarining bayonotiga tayanib. TsAXAL ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar Hamasning o‘rta darajadagi qo‘mondonlari, falastinliklar guruhi siyosiy byurosi a’zolari va uning infratuzilmasiga qarshi qaratilgan.

«Siyosiy eshelon qaroriga muvofiq, TsAXAL va Shin-Bet hozirda G‘azo sektoridagi Hamas terrorchilik tashkilotiga tegishli terrorchilik obektlariga yopirilma zarbalar bermoqda. Tafsilotlar keyinroq beriladi», – deyiladi Isroil mudofaa armiyasi va Shin-Bet xavfsizlik xizmatining qo‘shma bayonotida.

Isroil bosh vaziri devonxonasi xabarida qayd etilishicha, Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Israel Kats harbiylarga Hamasga qarshi «qat’iy choralar ko‘rish» haqida ko‘rsatma bergan.

Isroil mudofaa kuchlari Hamas a’zolari Isroilga hujumlar tayyorlayotgani va qayta guruhlanishga urinayotganini payqaganidan keyin keng ko‘lamli zarbalar berishni boshlaganini ma’lum qildi. Israel Katsning aytishicha, zarbalar Hamas garovga olinganlarni ozod qilishdan bosh tortganidan keyin berilgan. TsAXAL zarbalarni «zarurat tug‘ilganda» davom ettirishini ta’kidladi.

Binyamin Netanyahu sulhni uzaytirish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda oldinga siljish yo‘qligi sababli Hamasga zarba yo‘llashga buyruq berganini aytdi. «Bundan buyon Isroil Hamasga qarshi harakat qilib, harbiy qudratini oshiradi», – deyiladi uning bayonotida. Isroil rasmiylari ma’lum qilishicha, operatsiya muddatsiz xarakterga ega va kengayib borishi kutilmoqda.

Reuters agentligi yozishicha, Isroil butun G‘azo sektoriga, jumladan, G‘azo, Dayr-al-Baloh, Xon Yunus va Rafah shaharlariga zarbalar bergan. Isroil armiyasi zarbalari G‘azo shahridagi Al-Daraj markaziy tumanidan kelgan muhojirlar yashiringan Al-Tabiin maktabiga to‘g‘ri keldi, deb ta’kidlaydi Reuters. Guvohlar agentlikka ma’lum qilishicha, Isroil tanklari G‘azo sektori janubidagi Rafah hududlarini o‘qqa tutgan, shu sababli mahalliy aholi uylarini tark etib, shimolga, Xon Yunusga yo‘l olgan. Aviazarbalardan biri G‘azo sektori janubidagi Al-Mavosi tumanidagi qochqinlar lageriga berildi, deb yozadi «Al-Jazira».

Isroil G‘azo sektoriga zarba berishdan oldin AQSh bilan maslahatlashgan. AQSh prezidenti Donald Tramp falastinliklar guruhi garovga olinganlarni qaytarmaganidan keyin «Hamasga hujumlarni qayta boshlash uchun Isroilga yashil chiroq yoqdi», dedi Isroil rasmiysi The Wall Street Journal nashriga. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil AQShni operatsiya boshlanishi haqida ogohlantirgan.

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Brayan Hyuz Isroil zarba berishdan oldin AQSh ma’muriyati bilan maslahatlashganini tasdiqladi. «Hamas sulhni uzaytirish uchun garovga olinganlarni ozod qilishi mumkin edi, ammo buning o‘rniga rad etish va urushni tanladi», – dedi Hyuz.

Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livitt, o‘z navbatida, Fox News telekanaliga bergan intervyusida Tramp «do‘st va ittifoqchi Isroil»ni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. «Prezident Tramp, Hamas, husiychilar nafaqat Isroilni, balki Amerika Qo‘shma Shtatlarini ham terror qilmoqchi bo‘lganlarning barchasi buning uchun tovon to‘lashini aniq tushuntirdi», – dedi Livitt (CNN’dan iqtibos).

Hamas guruhi Isroil qariyb ikki oy amalda bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini bekor qilgani, G‘azo sektorida hamon garovda qolayotgan 59 kishini «mavhum taqdir» kutayotganini ma’lum qildi, deb yozadi Reuters.

Hamas yetakchilaridan biri Izzat ar-Rishq CNN’ga aytishicha, Isroilning havo hujumlari garovga olinganlar uchun «o‘lim hukmi»dir. «Netanyahuning urushga qaytish qarori – bu okkupatsiya asirlarini qurbon qilish va ularni o‘limga hukm qilish qaroridir», – dedi u. Izzat al-Rishq Isroil muzokaralar yo‘li bilan erisha olmagan narsaga urush va vayronagarchilik bilan erisha olmasligini qo‘shimcha qilgan.

Isroilning havo hujumlari oqibatida 300 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, mingdan ortiq kishi yaralandi, deb xabar berdi Hamas nazorati ostidagi G‘azo sektori sog‘liqni saqlash vazirligi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida ko‘plab bolalar bor.

Isroil va Hamas o‘rtasidagi sulh 19 yanvardan beri amalda edi. O‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv doirasida Hamas garovdagi 33 nafar isroillikni ozod qildi, Isroil esa ikki mingga yaqin falastinlik mahbusni qamoqxonalardan qaytardi. Kelishuvning 42 kun davom etgan birinchi bosqichi 1 mart kuni yakunlangandi. Ikkinchi bosqich bo‘yicha muzokaralar boshlanmadi. Sulhning birinchi bosqichi tugaganidan keyin o‘t ochishni to‘xtatish rejimi taxminan ikki yarim hafta davom etdi. Bu vaqtda vositachilar sulhni uzaytirish imkonini beradigan yangi shartlar ustida ish olib borgandi.

Mavzuga oid

E`lonlar