Jahon | 07:52 / 28.05.2025
10798
1 daqiqa o‘qiladi

 Saudiya Arabistonida Qurbon hayiti 6 iyun kuni nishonlanadi

Qirollik Oliy Mahkamasi Zulhijja hiloli ko‘ringani munosabati bilan 28 maydan Zulhijja oyi boshlanganini, 5 iyun kuni esa hojilar Arafotda turishini ma’lum qildi. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ham Zulhijja oyi - 2025 yil 28 maydan boshlanishini tasdiqladi.

Foto: HaramainInfo

Saudiya Arabistonidagi oy kuzatiluvchi mintaqa — Tumayrda 27 may kuni Zulhijja oyi ko‘rindi. Shunga muvofiq, Saudiya Arabistoni Oliy sudi — 2025 yil 28 may, chorshanba kunidan 1446 hijriy yilning Zulhijja oyi boshlanishini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, hojilarning Arafotda turish marosimi (arafa kuni) 2025 yil 5 iyun, payshanba kuni bo‘lishi tasdiqlandi. Qurbon hayiti esa undan keyingi kun, ya’ni 2025 yil 6 iyun, juma kuni nishonlanadi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi ham falakiy hisob-kitoblarga ko‘ra, hijriy 1446 yil Zulhijja oyining 1 kuni 2025 yil 28 may, chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi.

Lekin, hozircha O‘zbekistonda Qurbon hayitini nishonlash sanasi rasman e’lon qilinmadi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid