Jahon | 21:04 / 30.05.2025
4591
2 daqiqa o‘qiladi

Gvatemaladan mayyalarning salkam 3 ming yillik shahri xarobalari topildi

Shaharga miloddan avvalgi 800-500 yillarda mayyalar sivilizatsiyasining klassik davridan oldin asos solingan. U marosimlar o‘tkaziladigan muhim shahar hisoblangan.

Foto: AFP/Getty Images

Arxeologlar Gvatemaladan mayyalarning qariyb 3 ming yillik qadimiy Los-Abuelos shahri xarobalarini topdi. Ushbu shahar marosimlar o‘tkaziladigan muhim shahar bo‘lgan, deb xabar beradi The Guardian.

Olimlar jamoasi Uaxaktun arxeologik yodgorligidan 21 kilometr uzoqlikda joylashgan El-Peten departamentidan qadimiy shahar xarobalarini topishga muvaffaq bo‘ldi. Los-Abuelos shahri nomi ispanchadan «Bobo va buvi» deb tarjima qilinadi. Qadimiy shahar maydoni 16 kilometr kvadratga teng.

Qayd etilishicha, shaharga miloddan avvalgi 800-500 yillarda, mayyalar sivilizatsiyasining klassik davridan oldin asos solingan. Ushbu madaniyat eramizdan salkam 2 ming yil oldin paydo bo‘lgan va milodiy IV-X asrlarga qadar zamonaviy Meksika, Gvatemala, Beliz, Salvador va Gonduras hududlarida gullab-yashnagan.

Gvatemala Madaniyat vazirligi Los-Abuelosni mayyalarning eng qadimiy diniy va marosim markazlaridan biri deb atadi.

«Ushbu hudud me’moriy rejalashtirishning ajoyib namunasi bo‘lib, u yerdagi piramida va yodgorliklar mintaqaga xos o‘yma naqshlar bilan bezatilgan», — deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, shahar yaqinidan balandligi 33 metrga yetadigan piramida, kanal tizimi aniqlangan. Ushbu topilmalar mayyalar sivilizatsiyada muhandislik mahorati yuqori darajada bo‘lganini ko‘rsatadi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid