Jahon | 17:25 / 01.07.2025
3133
4 daqiqa o‘qiladi

JSST Covid-19 qanday paydo bo‘lgani haqida yakdil xulosaga kelmadi

Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, ko‘pchilik ilmiy ma’lumotlar yangi koronavirus odamlarga hayvonlardan o‘tgan degan gipotezani qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: AP

Olimlar o‘tgan davrda global sog‘liqni saqlash tizimi uchun eng yirik inqirozga aylangan Covid-19 pandemiyasi qanday boshlanganini haligacha bilmaydi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan koronavirusning kelib chiqishini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berilgan bir guruh ekspertlar qarorida aytiladi.

Ushbu guruhga rahbarlik qiluvchi Mariyetji Venter yakuniy hisobot e’lon qilinganidan keyin bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida shunday dedi: ko‘pchilik ilmiy ma’lumotlar yangi koronavirus odamlarga hayvonlardan o‘tgan degan gipotezani qo‘llab-quvvatlaydi.

Xuddi shu xulosani JSST 2021 yilda, birinchi tadqiqot davomida ham qilgan edi. Shu paytda olimlar infeksiya odamlarga ko‘rshapalaklardan boshqa vositachi hayvon orqali yuqqanini aytdi. Ular, shuningdek, virusning laboratoriyadan sizib chiqishi haqidagi nazariyani «ehtimoli juda kam» deb atadi.

Venter so‘zlariga ko‘ra, uch yillik urinishlarga qaramay, Xitoy hukumati genetik ketma-ketliklar va bioxavfsizlik choralari bo‘yicha ma’lumot taqdim qilmagan. JSST ekspert guruhi Covid-19 laboratoriya hodisasi natijasimi yoki yo‘qligini aniq baholash uchun zarur ma’lumotlarni ololmagan.

«Shuning uchun bu gipotezani tekshirish yoki rad etish imkoni bo‘lmadi», dedi professor va qo‘shimcha qildi: «U spekulyativ deb hisoblangan, siyosiy qarashlarga asoslangan va ilmiy dalillar bilan tasdiqlanmagan».

Venterning aytishicha, 27 nafar olim bu fikrga qo‘shilmagan, bir nafari tadqiqot guruhini shu hafta boshida tark etgan va yana uch nafari o‘z nomini hisobotdan olib tashlashni so‘ragan.

U Covid-19 laboratoriyada manipulyatsiya qilingani va virus 2019 yil dekabridan oldin Xitoydan tashqarida tarqalgani haqida dalillar yo‘qligiga ishora qildi.

«Yangi ilmiy dalillar paydo bo‘lgunga qadar, SARS-CoV-2 inson populyatsiyasiga qanday kirib kelgani haqidagi savol ochiq qoladi», deb xulosa qildi Venter.

JSST Bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus kamida 20 million odamning o‘limiga sabab bo‘lgan, jahon iqtisodiyotiga 10 trillion dollar zarar yetkazgan va milliardlab odamlarning hayotini yomonlashtirgan koronavirusning kelib chiqishini aniqlashni «axloqiy majburiyat» deb atadi.

Avvalroq, AP agentligi Xitoy hukumati virusning kelib chiqishini aniqlash bo‘yicha mahalliy va xalqaro sa’y-harakatlarni 2020 yilgi epidemiyaning dastlabki haftalarida to‘xtatgani va JSST dastlabki surishtiruv imkoniyatlarini boy bergani haqida yozgan edi.

AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirus Xitoydagi laboratoriyadan tarqalgani haqida uzoq vaqtdan beri ta’kidlab keladi. Ammo AQSh razvedka idoralari bu nazariyani qo‘llab-quvvatlovchi yetarli dalil topolmagan.

Bundan tashqari, Xitoy rasmiylari bunday nazariyalarni ko‘p marotaba rad qilib, tergov boshqa joyda o‘tkazilishi kerakligini aytib kelmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid