O‘zbekiston | 15:03 / 07.07.2025
7332
4 daqiqa o‘qiladi

2025 yilgi iyun ekstremal quruq oy bo‘ldi – O‘zgidromet

Bu yilgi iyun XXI asrdagi boshqalari kabi issiq va ekstremal quruq oy bo‘ldi, deya ma’lum qildi O‘zgidromet. Eng issiq kunlarda havo +39…+44 darajagacha isidi. Yomg‘ir juda kamdan kam hollarda yog‘di va jadalligi kam bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

2025 yilgi iyun oyi XXI asrdagi ko‘pchilik iyun oylari singari issiq bo‘ldi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

O‘rtacha oylik harorat me’yordan 1–2 darajaga, Toshkent viloyatida ba’zi joylarda 2,2–2,5 darajaga yuqori bo‘ldi. Faqatgina respublikaning shimoli-g‘arbiy qismida o‘tgan iyun harorat tartibi bo‘yicha iqlim me’yoriga yaqin bo‘ldi.

O‘zbekistonning markaziy va sharqiy hududlari bo‘yicha oy barcha kuzatuv yillari uchun eng issiq iyun oylari beshligiga kirdi, deydi sinoptiklar.

Oyning katta qismida kunduzgi havo harorati +33…+38 daraja atrofida bo‘ldi. Eng issiq kunlarda havo +39…+41 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +42…+44 darajagacha isidi.

Issiq pasayishi davrida kunduzgi harorat +27…+30 atrofida bo‘lishi kuzatildi va hatto eng chekka janubda ham +32…+34 darajadan yuqori bo‘lmadi. Biroq bunday qulay ob-havo sharoitlari davomiyligi qisqa muddatli bo‘ldi.

O‘tgan iyun oyida maksimal harorat rekord qiymatlarga yetmadi. Tarixiy kuzatuv qatorlari uchun iyun oyida eng yuqori maksimal harorat +42…+45 darajani, janubda va cho‘l hududlarda +46…+47 darajani tashkil etadi.

Mamlakat bo‘yicha eng yuqori maksimal havo harorati 1914 yilda Termiz shahrida +49,6 daraja qayd etilgan. Toshkentda 1914 yilda o‘rnatilgan iyun oyining mutlaq maksimal harorati +43,0 daraja bo‘lib qolmoqda.

O‘tgan iyun oyini ekstremal quruq oy deb tavsiflash mumkin. Yomg‘ir juda kamdan kam hollarda yog‘di va jadalligi asosan biroz bo‘ldi.

Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasida (Ustyurtdan tashqari), Xorazm, Farg‘ona viloyatlarida ba’zi joylarda va ayrim tog‘li hududlarda miqdori 9 millimetrdan 31 millimetrgacha bo‘lgan mahalliy jala yomg‘irlar yog‘ishi qayd etildi.

Jala yomg‘irlar hisobiga Jizzax, Surxondaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Oy uchun yog‘ingarchilik miqdori 0,0–5 millimetrni, respublikaning ayrim hududlarida 6–8 millimetrni tashkil etdi.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida tez-tez qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kuzatilib, iyun oyi uchun umumiy yog‘ingarchilik miqdori ba’zi joylarda 25–30 millimetrga, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarining ayrim tog‘li hududlarida 45–55 millimetrga yetdi.

Respublika bo‘icha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 metr/soniyagacha kuchayishi kuzatildi, Ustyurtda shamolning kuchayishi 22 metr/soniyaga yetdi. Ayrim joylarda changli bo‘ronlar, chang-to‘zonlar va changli g‘aborlar qayd etildi.

Mavzuga oid