Jahon | 15:57 / 07.07.2025
2538
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya prezidenti: Litvani o‘z erkinligini himoya qilishda qo‘llab-quvvatlaymiz

Kim Litvani himoya qilsa, Yevropa va Yevropa qadriyatlarini himoya qiladi, dedi Frank-Valter Shtaynmayyer Vilnyusda so‘zlagan nutqida.

Foto: Mindaugas Kulbis/AP/picture alliance

Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer Litvani o‘z erkinligini himoya qilishda qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi. «Litvaga nemis brigadasini joylashtirish orqali biz ortga qaytmaydigan va’da beramiz: sizning xavfsizligingiz bizning xavfsizligimizdir», dedi Shtaynmayyer 6 iyul, yakshanba kuni Vilnyusda.

«Bu brigada o‘zaro mas’uliyat va alyansga sodiqlikni ifodalaydi. Chunki biz bilamizki, kim Litvani himoya qilsa, u Yevropa va Yevropa qadriyatlarini himoya qiladi», — dedi prezident. Nemis zirhli tank brigadasi 2027 yilda Litvada joylashtiriladi. 2027 yil oxirigacha bu yerda 5000 ga yaqin Bundesver askari doimiy joylashtirilib, NATOning sharqiy qanotini mustahkamlaydi, potensial tajovuzkorga qarshi jangovar harakatlarga to‘liq tayyor bo‘ladi.

Litva prezidenti Gitanas Nauseda germaniyalik hamkasbini Davlatchilik kuni bayramiga faxriy mehmon sifatida taklif qildi. Bu taklif Berlinda yuqori baholandi.

Vilnyusda bayram munosabati bilan o‘tkazilgan harbiy marosimda so‘zga chiqqan Nauseda nemis brigadasini «Yevropa birdamligi va mas’uliyatining kuchli belgisi» deb atadi. Nauseda prezident Shtaynmayyer bilan mudofaa sohasida Litva-Germaniya hamkorligi, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, Rossiyaga bosim va harbiy harakatchanlikka strategik sarmoya kiritish masalalarini muhokama qilganini ta’kidladi. «Germaniya Yevropada xavfsizlik, barqarorlik va tinchlik kafolati bo‘yicha asosiy ittifoqchi bo‘lib qolmoqda», — deb yozdi Litva rahbari X ijtimoiy tarmog‘ida.

Mavzuga oid